Vivo kompaniyasi premium o‘rta segmentga mansub V seriyasini yangilashga tayyorlanmoqda. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, Vivo V80 smartfoni 2026-yil avgust oyining o‘rtalarida taqdim etilishi mumkin.
Insayder Sanju Choudhary tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, qurilma 6,59 dyuymli yassi AMOLED displey bilan jihozlanadi. Ekran o‘lchami avvalgi modeldagidek qolishi kutilmoqda, biroq yangilanish chastotasi Vivo V70’dagi 120 Hzdan 144 Hzgacha oshiriladi. Bu qo‘llab-quvvatlanadigan o‘yinlarda tasvirni soniyasiga 144 kadr tezlikda namoyish etish imkonini berishi mumkin.
Smartfonning apparat asosini Qualcomm Snapdragon 7 Gen 4 protsessori tashkil etishi aytilmoqda. Mazkur chip Vivo V seriyasining oldingi ikki avlodida ham qo‘llangan. Vivo V70 sinovlarda avvalgi modelga nisbatan ko‘p yadroli ishlash samaradorligini qariyb 14 foizga oshirgan, bir yadroli ko‘rsatkichlarda esa sezilarli o‘zgarish kuzatilmagan.
Vivo V80’ning asosiy yangiliklaridan biri batareya sig‘imining oshirilishi bo‘lishi mumkin. Smartfonga 7200 mA/soatli akkumulyator o‘rnatilishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, Vivo V70 6500 mA/soatli batareya bilan jihozlangan edi. Yangi qurilma 90 Vt quvvatli simli tezkor quvvatlash va quvvat manbaidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish imkonini beruvchi bypass charging texnologiyasini ham qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
Smartfonning orqa panelida 50 megapikselli asosiy kamera, uch karra optik yaqinlashtirish imkoniga ega 50 megapikselli telefoto kamera hamda 8 megapikselli ultra keng burchakli modul joylashishi aytilmoqda. Old kameraning aniqligi ham 50 megapikselni tashkil etishi mumkin. Kamera o‘lchamlari avvalgi avlod bilan bir xil bo‘lsa-da, sensorlarning hajmi va obyektiv diafragmasi haqida hozircha ma’lumot berilmagan.
Vivo V80 joriy yil boshida Xitoy bozori uchun chiqarilgan Vivo S60 modelining xalqaro talqini bo‘lishi mumkin. Ikki qurilmaning taxminiy texnik xususiyatlari deyarli bir xil, biroq Vivo S60 kuchliroq Snapdragon 8s Gen 3 protsessori bilan jihozlangan.
Shuningdek, Vivo V80 IP68 va IP69 standartlari bo‘yicha chang va suvdan himoyalanishi, ekranga o‘rnatilgan uch o‘lchamli ultratovushli barmoq izi skaneriga ega bo‘lishi kutilmoqda. Kompaniya hozircha smartfonning taqdimot sanasi, narxi va savdo geografiyasini rasman e’lon qilmagan.
Qaynoq24.uz Vivo T5 Lite smartfoni qachon taqdim etilishi haqida yozgan edi.


