Xiaomi kompaniyasi yangi avlod Xiaomi 18 Pro flagman smartfonini 2026-yil sentabr oyida taqdim etishi kutilmoqda. Qurilma Xiaomi 18 va Xiaomi 18 Pro Max modellari bilan birga namoyish qilinishi mumkin.
Digital Chat Station taxallusi bilan tanilgan insayder ma’lumotiga ko‘ra, Xiaomi 18 turkumidagi smartfonlar Qualcomm’ning yangi Snapdragon 8 Elite Gen 6 protsessorlaridan foydalanadigan ilk qurilmalar qatoriga kiradi. Xiaomi 18 Pro esa chipsetning kuchliroq Snapdragon 8 Elite Gen 6 Pro versiyasi bilan jihozlanishi aytilmoqda.
Model katta yumaloqlangan burchaklar va to‘rt tomondan bir xil darajada ingichka ramkalarga ega kichik o‘lchamli tekis ekran olishi mumkin. Displey yuqori aniqlikdagi tasvirni namoyish etishga mo‘ljallanishi kutilmoqda.
Smartfon kameralarida ham sezilarli yangilanishlar bo‘lishi mumkin. Xiaomi 18 Pro‘ga juda katta sensorli 200 megapikselli asosiy kamera o‘rnatilishi aytilmoqda. Bundan tashqari, model yirik sensorli 200 megapikselli telefoto makro kamera bilan jihozlanishi mumkin. Bu kamera uzoqdagi obyektlarni yaqinlashtirib suratga olish bilan birga, kichik detallarning makrotasvirlarini ham olish imkonini beradi.
Qurilmada yangilangan ikkita stereo karnay va kuchliroq tebranish motori qo‘llanishi kutilmoqda. Bu ovoz sifati, o‘yinlar va bildirishnomalar paytidagi teginish hissini yaxshilashi mumkin.
Xiaomi 18 Pro‘ning batareya sig‘imi kamida 7000 mA/soatni tashkil etishi aytilmoqda. Smartfon 100 vattli simli tezkor quvvatlash va simsiz quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
Hozircha qurilmaning Android 17 operatsion tizimi bilan sotuvga chiqarilishi rasman tasdiqlanmagan. Xiaomi yangi flagmanlarining aniq texnik xususiyatlari, narxi va taqdimot sanasi kompaniyaning rasmiy e’lonida ma’lum qilinadi.
Qaynoq24.uz Xiaomi 17T va Vivo X300 FE taqqoslangani haqida yozgan edi.


