JSST: Ebola holatlari rasmiy raqamdan 4 baravar ko‘p

Foto: Image: Badru Katumba/AFP
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Kongo Demokratik Respublikasi sharqida tarqalayotgan Ebola epidemiyasining haqiqiy ko‘lami rasmiy ma’lumotlarda ko‘rsatilganidan ikki-to‘rt baravar katta bo‘lishi mumkin. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining favqulodda vaziyatlar dasturi rahbari Chikve Ihekvazu ma’lum qildi.

13-iyul holatiga ko‘ra, Kongo Demokratik Respublikasida Bundibugyo turidagi Ebola virusi bilan kasallanish bo‘yicha 1963 ta tasdiqlangan holat qayd etilgan. Bemorlarning 719 nafari vafot etgan, 333 nafari esa sog‘aygan. Eng murakkab vaziyat Ituri viloyatida kuzatilmoqda — ushbu hudud hissasiga 1772 ta kasallanish va 608 ta o‘lim holati to‘g‘ri keladi. Epidemiya mamlakatning beshta viloyatidagi 42 ta tibbiy hududni qamrab olgan.

JSST ma’lumotiga ko‘ra, yangi aniqlanayotgan holatlarning katta qismi avval kuzatuvga olingan bemorlar bilan bog‘lanmagan. Bu esa virusning noma’lum yuqish zanjirlari orqali tarqalayotganini ko‘rsatadi. Ihekvazuning ta’kidlashicha, ko‘plab bemorlar shifoxonaga yetib bormasdan, o‘z yashash joylarida vafot etmoqda. Bunday holatlarda bemorni izolyatsiya qilish, davolash va u bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarni o‘z vaqtida aniqlash imkoniyati kamayadi.

Foto: Benediction Murhabazi/AFP

Epidemiya qo‘shni Ugandaga ham tarqalgan. Mamlakatda 20 ta kasallanish, jumladan, ikkita o‘lim holati tasdiqlangan. Bemorlarning 15 nafari Kongoga safar qilgan, yana beshta holat virusning Uganda hududida yuqishi bilan bog‘liq. 21-iyundan buyon mamlakatda yangi holatlar qayd etilmagan.

JSST epidemiyaga qarshi kurashish uchun zarur bo‘lgan $115 mln mablag‘ning qariyb 40 foizinigina yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan. Tashkilot xalqaro hamjamiyatni moliyaviy yordamni oshirishga chaqirdi. Ihekvazu ushbu inqiroz yukini Kongo Demokratik Respublikasi yolg‘iz ko‘tarishi mumkin emasligini ta’kidladi.

Hozirgi epidemiya Ebola virusining Bundibugyo turi bilan bog‘liq. Unga qarshi tasdiqlangan maxsus davolash vositasi yoki vaksina mavjud emas. Ayni paytda istiqbolli dori va vaksina nomzodlarini sinovdan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.

Qaynoq24.uz Kongoda Ebola holatlari 1502 taga yetgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.