BYD’ning premium brendi Denza Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tgan Goodwood tezlik festivalida yangi BYD Denza Z elektr superkarini namoyish etdi.
Model 13-iyul kuni Xitoyda oldindan sotuvga chiqarilganidan keyingi dastlabki 24 soat ichida dunyo bo‘ylab 1 mingdan ortiq buyurtma oldi.
Denza Z yuqori narx segmentida taklif qilinmoqda. Xitoy bozorida kupening boshlang‘ich narxi 680 ming yuan yoki taxminan $100 ming etib belgilangan. Ochiq kuzovli Spider versiyasi 780 ming yuan — qariyb $114,7 ming, poyga trassasi uchun mo‘ljallangan Racing varianti esa 1,18 mln yuan yoki $173,5 mingga baholangan. Yevropada model narxi taxminan 142,9 ming funt sterlingdan, ya’ni $184,8 mingdan boshlanadi.

Superkar uchta elektromotordan iborat tizim bilan jihozlangan bo‘lib, ularning umumiy quvvati 1180 kilovatt yoki 1582 ot kuchini tashkil etadi. Racing versiyasi soatiga 100 kilometr tezlikka 1,96 soniyada chiqadi, uning maksimal tezligi esa soatiga 350 kilometrga yetadi.
Denza Z yangi e3 platformasi asosida yaratilgan. Mazkur tizim barcha to‘rtta g‘ildirakka uzatiladigan aylantiruvchi momentni alohida boshqarishga imkon beradi. Avtomobilga 10 millisekunddan kam vaqtda javob qaytaradigan DiSus-M magnitoreologik osma tizimi ham o‘rnatilgan.
Qaynoq24.uz BYD 1008 km masofa bosib o‘tadigan BYD Da Han sedanini sinovdan chiqargani haqida yozgan edi.


