AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoyning Amerika saylovlariga ehtimoliy aralashuvi bo‘yicha razvedka hujjatlarini maxfiylikdan chiqarishni buyurdi.
U Pekin 2020-yilgi prezidentlik saylovidan oldin 220 mln amerikalik saylovchiga oid ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
Tramp 17-iyul kuni Oq uyda qilgan murojaatida bu holatni «saylov ma’lumotlarining tarixdagi eng yirik buzilishi» deb atadi. Uning ta’kidlashicha, mazkur voqea AQSh saylov tizimi manipulyatsiya va korrupsiya xavfiga ochiq ekanini ko‘rsatadi.
Prezident Milliy razvedka direktoriga va Federal qidiruv byurosiga da’volarni tekshirish, ehtimoliy ma’lumotlar sizib chiqishining ko‘lami hamda oqibatlarini aniqlash bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qildi. Federal idoralar saylovchilarga oid ma’lumotlari buzilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan shtatlarni xabardor qilish jarayonini boshlagan.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi amaldagi saylov xavfsizligi talablari yetarli emas. U Kongressni saylovchilardan ovoz berishda fotosuratli shaxsni tasdiqlovchi hujjat talab qiladigan, ro‘yxatdan o‘tishda AQSh fuqaroligini isbotlash majburiyatini joriy etadigan hamda federal hukumatning saylovchilar reyestrlariga kirish imkoniyatini kengaytiradigan SAVE qonun loyihasini qabul qilishga chaqirdi.
Media ham “hujum”
AQSh prezidenti uning murojaatini asosiy telekanallar orqali jonli efirda ko‘rsatmagan kompaniyalarni ham tanqid qildi. ABC va NBC nutqni asosiy telekanallarida namoyish etmagan, uni faqat o‘zlarining striming platformalariga joylashtirgan. CNN esa murojaatni internet sayti va pulli xizmatida namoyish qilgan. Tramp bunday telekompaniyalar litsenziyalaridan mahrum etilishi kerakligini aytdi.
Oq uy Xitoyning ehtimoliy aralashuviga oid hujjatlarni o‘z saytida e’lon qildi. Tramp, shuningdek, AQSh razvedka hamjamiyatining ayrim vakillari Xitoyning saylovlar bilan bog‘liq faoliyati haqidagi ma’lumotlarni ataylab yashirganini da’vo qilmoqda.
Biroq prezidentning bayonotlari demokratlar hamda ayrim amaldorlarning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Senat Razvedka qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, demokrat Mark Uorner Tramp tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarni asossiz deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh razvedka xizmatlari Xitoy 2020-yilgi saylovda ovozlarni o‘zgartirishga urinmagan, degan yakdil xulosaga kelgan.
Qaynoq24.uz Tramp o‘zini Isroil tarixidagi eng yaxshi prezident deb atagani haqida yozgan edi.


