AQSH prezidenti Donald Tramp amerikalik muzokarachilar endi Pokistonga bormasligini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Eron muzokara istasa, o‘zi aloqaga chiqishi mumkin.
Tramp bu haqda Fox News telekanalidagi intervyusida gapirgan. U AQSHda barcha imkoniyatlar borligini ta’kidlab, muzokara uchun uzoq safar qilishga hojat yo‘qligini aytdi.
“Agar ular gaplashmoqchi bo‘lsa, qo‘ng‘iroq qilishi mumkin. Bizda himoyalangan aloqa liniyalari bor”, dedi u.
Prezidentga ko‘ra, muzokarachilarni Islomobodga yuborish juda ko‘p vaqt oladi. Shu sababli Vashington bunday amaliyotdan voz kechgan. Avvalroq AQSH delegatsiyasining Pokistonga rejalashtirilgan safarini bekor qilgani ma’lum qilingan edi. Delegatsiya tarkibida Stiven Uitkoff va Jared Kushner bo‘lishi kerak edi.
Shu kuni Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ham Pokistonni tark etdi. U muzokaralar davomida urushni to‘xtatish bo‘yicha Eron pozitsiyasi bildirilganini aytdi va AQSH diplomatiyaga qanchalik jiddiy yondashishini vaqt ko‘rsatishini ta’kidladi.
AQSH va Eron o‘rtasidagi ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar 11 aprel kuni Pokiston poytaxtida bo‘lib o‘tgan edi. Ammo ular ijobiy natija bermagan.
Shunga qaramay, Yaqin Sharqda vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish rejimi saqlanib turibdi. Tramp uni muzokaralar yakunlanguncha uzaytirish mumkinligini bildirdi.
Qaynoq24.uz Tramp Rossiya yetakchisi Vladimir Putinning G20 sammitida ishtirok etishi foydali bo‘lishini aytgani haqida yozgan edi.

