Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hamda Toshkent shahrida jami 733,3 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Departamentning Sirdaryo tumani bo‘limi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda yakka tartibdagi tadbirkor «Taraqqiyot» mahallasidagi xonadonida tabiiy gaz tarmog‘iga yashirin ravishda rezina shlang orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan. Tabiiy gazdan tijorat maqsadida noqonuniy foydalanilishi oqibatida davlat manfaatlariga 366,4 mln so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlangan.
Paxtakor tumanidagi tekshiruvlarda esa «Bog‘ishamol» mahallasida yashovchi ikki fuqaro o‘z xonadonlarini tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, jami 133,6 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘lgan.
Toshkent shahrining Olmazor tumanida bir fuqaro «Bunyodkor» mahallasidagi xonadonini umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulagan. Natijada 129,8 mln so‘mlik tabiiy gaz noqonuniy sarflangan.
Jizzax viloyatining Baxmal tumanida esa tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limining mas’ul shaxslari isitish qozonini tabiiy gaz tarmog‘iga ruxsatsiz ulab, 103,5 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz Beruniyda tadbirkorlardan pul talab qilganlar ushlangani haqida yozgan edi.


