Honor kompaniyasi tomonidan yangi Honor X7e Plus 5G smartfoni taqdim etildi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar berdi.
Honor X7e Plus 5G‘ga 6,87 dyuymli TFT LCD displey o‘rnatilgan. Ekran 1592 × 720 piksel o‘lchamdagi HD+ tasvir aniqligi, 120 Hz yangilanish chastotasi va 1020 nitgacha maksimal yorqinlikni qo‘llab-quvvatlaydi.
Displey ko‘zga tushadigan yuklamani kamaytirishga mo‘ljallangan dinamik yorqinlik, ko‘k nur darajasini pasaytirish va juda past yorqinlik rejimlari bilan ta’minlangan.

Smartfonning yon tomoniga alohida AI tugmasi joylashtirilgan. Uni bir marta bosish orqali foydalanuvchi kerakli ilova yoki buyruqni tez ishga tushirishi mumkin. Tugma uzoq bosib turilganda AI Memory, Circle to Search, AI Eraser, AI Summary va Smart Recommendations kabi sun’iy intellekt vositalariga kirish imkonini beradi.
Qurilma Qualcomm’ning Snapdragon 4 Gen 4 protsessorida ishlaydi. Model 6 yoki 8 GB tezkor xotira hamda 128 yoki 256 GB ichki xotira bilan taklif etiladi. RAM Turbo texnologiyasi ichki xotiraning bir qismini virtual tezkor xotira sifatida ishlatadi. Smartfon Android 16 operatsion tizimiga asoslangan MagicOS 10 interfeysi bilan yetkazib beriladi.
Texnik xususiyatlar

Honor X7e Plus 5G‘ning asosiy xususiyatlaridan biri 8100 mA/soatli batareyadir. Ishlab chiqaruvchi ko‘rsatgan nominal sig‘im 7900 mA/soatni tashkil etadi. Akkumulyator 45 vattli Honor SuperCharge tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Kompaniyaga ko‘ra, qurilma minus 30 dan 50 darajagacha bo‘lgan haroratda ishlashga moslashtirilgan va batareya olti yil davomida barqaror ishlashga mo‘ljallangan. Ushbu ko‘rsatkichlar Honor laboratoriyasidagi sinovlarga asoslangan.
Smartfonning orqa panelida 50 megapikselli asosiy kamera va yordamchi sensor joylashgan. Selfi hamda videomuloqot uchun 5 megapikselli old kamera ishlatiladi. Qurilmada tashqi muhit uchun ovozni kuchaytiruvchi 400 foizlik balandlik rejimiga ega stereo karnaylar ham mavjud.
Qaynoq24.uz Honor Robot Phone qachon chiqishi ma’lum bo‘lgani haqida yozgan edi.


