Eron Kuvaytdagi AQSh bazasiga zarba berganini aytdi

Foto: Britannica
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

Eron Kuvayt g‘arbidagi Al-Doha harbiy lagerida joylashgan AQSh bazasiga dronlar bilan keng ko‘lamli zarba berganini ma’lum qildi. Bu haqda Eronning IRIB davlat teleradiokompaniyasi xabar berdi. Hozircha AQSh yoki Kuvayt tomoni aynan ushbu baza nishonga olingani va zarba oqibatlarini rasman tasdiqlamagan.

Eron armiyasi bayonotiga ko‘ra, hujum «Sa’ake» operatsiyasining 21-bosqichi doirasida amalga oshirilgan. Unda AQSh quruqlik qo‘shinlari qo‘mondonlik markaziga qarashli o‘q-dori omborlari va logistika uskunalari nishonga olingani da’vo qilindi. Tehron operatsiyani AQShning Eron hududlariga qarshi takroriy hujumlariga javob deb atadi.

Eron tomoni mamlakat qurolli kuchlari yangi hujum va provokatsiyalarga qat’iy javob berishga tayyorligini bildirdi. Al-Doha lageri Kuvayt g‘arbidagi muhim harbiy obyektlardan biri bo‘lib, hududdagi amerikalik harbiylarni texnika va logistika bilan ta’minlashda foydalanilishi aytilmoqda.

Kuvayt qurolli kuchlari 22-iyulga o‘tar kechasi mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimlari Eron tomonidan uchirilgan dushman dronlarini tutib qolayotganini ma’lum qildi. Harbiylar aholi eshitgan portlashlar havo mudofaa tizimlarining ishlashi bilan bog‘liqligini bildirib, fuqarolarni xavfsizlik ko‘rsatmalariga rioya etishga chaqirdi. Biroq rasmiy bayonotda Al-Doha lageriga yetkazilgan zarar yoki jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmadi.

Eron avval ham Kuvaytdagi AQSh harbiy obyektlariga raketa va dronlar bilan zarbalar berganini bildirgan edi. 19-iyul kuni Eron armiyasi Ali as-Solim aviabazasi va Al-Udayri lagerini nishonga olganini da’vo qilgan, Kuvayt esa mamlakat havo mudofaasi hujumlarni qaytarayotganini ma’lum qilgan.

Qaynoq24.uz AQShning Eron bilan urushi $37,5 mlrdga tushgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.