AQSh va Saudiya Arabistoni Iroqdagi terrorchilarga zarba berdi. Bu haqda AQSh Markaziy qo‘mondonligi ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qildi.
Zarbalar qurolli tuzilmalarning moddiy-texnik ta’minot obyektlari va qurol-yarog‘ omborlariga qaratilgan. CENTCOM ushbu guruhlar Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ko‘rsatmasi bilan AQSh qo‘shinlari hamda Saudiya Arabistonining energetika infratuzilmasiga hujum qilishga uringanini bildirdi. Amerika harbiylariga qarshi hujumlar muvaffaqiyatsiz yakunlangani aytilmoqda.
AQSh qo‘mondonligiga ko‘ra, qo‘shma operatsiya so‘nggi 72 soat ichida Eron bilan bog‘liq kuchlar tomonidan uyushtirilgan 30 dan ortiq dron hujumiga javoban o‘tkazilgan. Saudiya Arabistoni ham Iroq hududidan uchirilgan dronlar mamlakat sharqidagi neft obyektlarini nishonga olishga uringanini, biroq havo hujumidan mudofaa tizimlari ularni urib tushirganini ma’lum qildi.
CENTCOM bayonotida 2026-yil fevral–aprel oylarida Eron bilan bog‘liq qurolli guruhlar Iroqdagi AQSh fuqarolari va obyektlariga qarshi 600 dan ortiq hujum uyushtirishga uringani ta’kidlangan. Qo‘mondonlik Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi va uning ittifoqchilarini hujumlarni to‘xtatishga chaqirib, aks holda Amerika tomonidan yangi harbiy choralar ko‘rilishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Qaynoq24.uz AQSH va Saudiya Arabistoni yadroviy bitim imzolagani haqida yozgan edi.


