Tramp Polshaga qo‘shimcha 5 ming harbiy yuborilishini e’lon qildi

Foto: PBS
Mohinur Rajabova
3 Daqiqa o‘qish

AQSh prezidenti Donald Tramp Polshaga qo‘shimcha 5 ming nafar harbiy yuborilishini ma’lum qildi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

Tramp qarorni Polshaning amaldagi prezidenti Karol Navrotskiy bilan yaxshi munosabatlar borligi bilan izohladi. U Navrotskiyni saylovda qo‘llab-quvvatlaganini ham eslatdi.

«Polshaning amaldagi prezidenti Karol Navrotskiyning muvaffaqiyatli saylanganini va u bilan munosabatlarimizni hisobga olib, AQSh Polshaga qo‘shimcha 5 ming harbiy xizmatchi yuborishini e’lon qilishdan mamnunman», deya qayd etgan Donald Tramp.

Hozircha gap butunlay yangi kontingent haqida ketayotgani yoki avvalroq yuborilishi to‘xtatilgan harbiylar haqida ekani aniq emas. 13-may kuni Pentagon Polshaga 4 ming nafar askardan iborat brigadani yuborishni kutilmaganda to‘xtatgan edi.

The Wall Street Journal va Defence News ma’lumotlariga ko‘ra, bu qaror Trampning Yevropadagi AQSh harbiy kontingentini qisqartirish rejasi doirasida qabul qilingan. Biroq u ayrim harbiy amaldorlar uchun kutilmagan bo‘lgan.

Politico manbasiga ko‘ra, Polsha harbiylari bu qarordan o‘z qo‘mondonligidan emas, OAV orqali xabar topgan. Bu esa Varshavada norozilikka sabab bo‘lgan. Avvalroq Vashington Germaniyadan 5 ming nafar harbiyni olib chiqishini ham ma’lum qilgan edi. Bu qaror Germaniya kansleri Fridrix Mersning AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlarini tanqid qilganidan keyin e’lon qilingan.

17-may holatiga ko‘ra, Polsha AQSh harbiylari soni qisqarishiga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabarlar tarqalgan. Politico manbasi Varshava bu masaladan xabardor ekani va muammoni hal qilish ustida ishlayotganini bildirgan.

Shu bilan birga, Polsha Mudofaa vazirligi mamlakatdagi amerikalik askarlar soni kamayishini rad etgan. Mudofaa vaziri Vladislav Kozinyak-Kamish AQSh harbiylari soni qisqartirilmasligini aytgan.

AQSh harbiy doiralari ma’lumotiga ko‘ra, may oyi o‘rtalarida Polshada qariyb 7,4 ming nafar amerikalik harbiy joylashtirilgan. So‘nggi yillarda AQSh Yevropada jami 100 mingga yaqin askar va ofitser saqlab kelgan.

19-may kuni Pentagon AQSh Yevropadan to‘rtta jangovar brigada guruhidan bittasini olib chiqishini ma’lum qildi. Bu qadam mintaqadagi amerikalik harbiylar sonini 2021-yil darajasiga tushirishi mumkin.

AQSh Kongressi 2026-yil boshida Yevropadagi amerikalik harbiylar sonini 76 ming nafardan pastga tushirishni cheklovchi norma qabul qilgan. Bunday qisqartirish 45 kundan ko‘proq davom etishi uchun Pentagon va AQShning Yevropa qo‘mondonligi Kongressga alohida asoslangan hisobot taqdim etishi kerak.

Qaynoq24.uz Tramp Eronga hujumni kechiktirganini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.