Gretsiyada o‘rmon yong‘inlarini o‘chirishda qatnashayotgan ikki vertolyot havoda to‘qnashib ketdi. Hodisa 2-avgust kuni Afina shahrining g‘arbida joylashgan Psata hududida, Korinf ko‘rfazi atrofidagi yong‘inlarga qarshi kurash davom etayotgan paytda yuz berdi. Bu haqda DW xabar berdi.
Gretsiya yong‘in xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hodisadan so‘ng vertolyotlar ekipajlarini topish va ularga yordam ko‘rsatish uchun qidiruv-qutqaruv guruhlari darhol safarbar etilgan. Mahalliy televideniye namoyish etgan tasvirlarda parraklar to‘qnashganidan keyin vertolyotlardan biri portlab, alangaga burkangan holda yerga qulagani ko‘rinadi.
ERT davlat teleradiokompaniyasi birinchi vertolyot ekipaji topilgani va ularning hayoti xavfsiz ekanini ma’lum qildi. Ikkinchi vertolyot ekipajining taqdiri hozircha noma’lum, qidiruv ishlari davom etmoqda.
Ayni vaqtda Gretsiyaning bir nechta hududida yirik o‘rmon yong‘inlari kuzatilmoqda. So‘nggi kunlarda xizmat vazifasini bajarayotgan uch nafar o‘t o‘chiruvchi halok bo‘lgan. Ulardan ikki nafari Krit orolida, yana biri Peloponnes yarimorolida hayotdan ko‘z yumgan.
Shamol tezligi ayrim joylarda soatiga 100 kilometrga yetayotgani alangani tez tarqatmoqda va aviatsiyaning ishlashiga to‘sqinlik qilmoqda. Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis mamlakatni «o‘ta og‘ir kunlar» kutayotganini bildirib, kuchli shamolda o‘nlab samolyot va vertolyotlardan xavfsiz foydalanish imkoni cheklanishini ta’kidladi.
Porto-Germeno hududida qariyb 500 nafar o‘t o‘chiruvchi alangani Afinaning g‘arbiy chekkalariga yaqinlashishidan to‘xtatishga urinmoqda. Xavfli hududlardan yuzlab odamlar, jumladan, 266 kishi dengiz orqali evakuatsiya qilindi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Korinf ko‘rfazi atrofidagi yong‘inlarda 6,5 ming gektardan ortiq maydon yonib ketgan.
Kefaloniya orolida esa yangi yong‘inni ataylab boshlaganlikda gumon qilingan 44 yoshli erkak qo‘lga olindi. Mutaxassislar Porto-Germeno atrofidagi yong‘in ko‘lami va tarqalish tezligi sababli «mega yong‘in» sifatida tasniflanishi mumkinligini bildirmoqda.
Qaynoq24.uz Janubiy Yevropadagi yong‘inlar avj olayotgani haqida yozgan edi.


