Qaynoq24 Telegramda kuzating

BYD Ti 9 batareyasini 9 daqiqada 97 foizgacha quvvatlaydi

Foto: FCB
Jonibek Juraqulov
4 Daqiqa o‘qish

BYD’ning Fang Cheng Bao brendi yangi BYD Ti 9 plagin-gibrid yo‘ltanlamasini 19-noyabr kuni Xitoyda rasman taqdim etadi. Olti o‘rindiqli model 2026-yilgi Guanchjou avtosaloni boshlanishidan oldin bozorga chiqariladi.

Fang Cheng Bao bosh menejeri Syon Tyanbo ma’lumotiga ko‘ra, avtomobilning ko‘rgazma namunalari hozircha 12 shahardagi 21 ta dilerlik markaziga yetkazilgan. Yana 20 ta shaharga avtomobillar jo‘natilmoqda.

Reklama
Qaynoq24 Instagramda kuzating

Ti 9 uchun dastlabki ro‘yxatdan o‘tish 29-sentabrda, butun Xitoy bo‘yicha buyurtmalarni qabul qilish esa 9-noyabrda boshlangan. Shu kuni ishlab chiqarilgan Ti 9 BYD’ning Sian zavodidan chiqqan 19 millioninchi yangi energiyali avtomobil bo‘ldi.

310 km elektrda yuradi

Foto: FCB

Ti 9 BYD’ning DMS gibrid platformasida monokok kuzov bilan qurilgan Fang Cheng Bao‘ning birinchi modeli hisoblanadi.

Bu konstruksiya yo‘lsiz hududlarga ko‘proq moslashtirilgan Bao 5 va Bao 8 modellaridagi ramali DMO platformasidan farq qiladi.

Avtomobil uzunligi 5 270 mm, eni 1 999 mm, balandligi 1 850 mmni tashkil etadi. Tom reylinglari bilan balandlik 1 880 mmga yetadi. G‘ildirak bazasi — 3 130 mm.

PHEV tizimi 115 kVt yoki 154 ot kuchiga ega 1,5 litrli turbobenzin dvigatel va old hamda orqa o‘qlardagi ikkitadan 200 kVt quvvatli elektromotordan iborat. Elektromotorlarning umumiy maksimal quvvati 400 kVt yoki 536 ot kuchiga yetadi.

Model BYD’ning oltinchi avlod DM-i texnologiyasidan foydalanadi.

9 daqiqada 97% gacha quvvatlanadi

Ti 9 66,48 kVt·soat sig‘imli ikkinchi avlod Blade Battery LFP batareyasi bilan jihozlangan.

Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, avtomobil WLTC siklida faqat elektr energiyasida 310 km masofa bosib o‘tishi mumkin.

Foto: FCB

To‘liq batareya va yonilg‘i baki bilan umumiy yurish zaxirasi CLTC bo‘yicha 1 630 km, WLTP bo‘yicha esa 1 385 kmgacha yetadi.

BYD’ning Flash Charging texnologiyasi batareya quvvatini 10% dan 70% gacha besh daqiqada, 97% gacha esa to‘qqiz daqiqada yetkazishi aytilmoqda.

Hatto minus 30 daraja haroratda ham batareyani 20% dan 97% gacha quvvatlash uchun 12 daqiqa talab qilinishi ko‘rsatilgan.

Batareya zaryadi minimal darajaga tushganda yonilg‘i sarfi WLTC bo‘yicha 6,4 litr/100 kmni tashkil qiladi.

Orqa g‘ildiraklari ham buriladi

Barcha Ti 9 versiyalari DiSus-A ikki kamerali pnevmatik osma bilan jihozlanadi. Tizim yo‘l yuzasini oldindan aniqlab, osma sozlamalarini moslashtira oladi.

Modelda faol orqa g‘ildiraklarni boshqarish tizimi hamda qor, qum, loy va shag‘al kabi yo‘l sharoitlarini aniqlaydigan iATS tizimi mavjud.

DiPilot 300 haydovchiga yordam tizimi tomga o‘rnatilgan 192 kanalli LiDARdan foydalanadi. U shaharda va avtomagistrallarda navigatsiya asosidagi yordamchi boshqaruvni qo‘llab-quvvatlaydi.

Xavfsizlik jihozlari orasida 13 ta xavfsizlik yostiqchasi, shina yorilganda avtomobil barqarorligini saqlashga yordam beradigan TSC tizimi va old tomondagi olti porshenli tormoz supportlari bor.

Oltita o‘rindiqda massaj funksiyasi mavjud

Salon 2+2+2 sxemasida olti o‘rindiqqa mo‘ljallangan.

Barcha o‘rindiqlarda isitish, ventilyatsiya va massaj funksiyalari mavjud. Old yo‘lovchi o‘rindig‘i «zero-gravity» holatiga o‘tishi mumkin. Ikkinchi qatordagi alohida o‘rindiqlarda ham «zero-gravity» rejimi, yon tomonga siljish va elektr oyoq tayanchlari mavjud.

Multimedia tizimi Snapdragon 8295 protsessorida ishlaydi. Salon 30 dyuymli markaziy ekran, 50 dyuymli AR-HUD, orqa yo‘lovchilar uchun 21,4 dyuymli shift ekrani va 31 dinamikli Devialet audiotizimi bilan jihozlangan.

Uch qator o‘rindiq ishlatilganda bagaj hajmi 655 litrni tashkil qiladi. Uchinchi qator yig‘ilganda bu ko‘rsatkich 1 245 litrgacha oshadi. Pol ostida yana 60 litrli saqlash bo‘limi mavjud.

Narxi $48,4 mingdan boshlanishi mumkin

Fang Cheng Bao Ti 9’ni taxminan 400 ming yuan yoki $55,3 minglik segmentda joylashtirmoqda.

Rasmiy narxlar hali e’lon qilinmagan. Dilerlar ma’lumotiga ko‘ra, model narxi 350–400 ming yuan — taxminan $48,4–55,3 ming oralig‘ida bo‘lishi mumkin.

Bu narx oralig‘ida Ti 9 Xitoy bozorida Li Auto L9, Aito M9 va Denza N9 kabi yirik olti o‘rindiqli SUV’lar bilan raqobatlashadi.

Qaynoq24.uz BYD Qin Plus DM-i avtomobili chiqqani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.