Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchtepa tumani bo‘limi xodimlari tomonidan Uchtepa tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda Departament xodimlari tomonidan spirt savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxs qo‘lga olindi.
U fuqaro B.S.ga 119 dona idishga qadoqlangan 380 litr suyuqlikni etil spirti sifatida sotgan. Narx 39,9 mln so‘m va 400 AQSh dollari bo‘lgan.
Ekspertiza natijasida suyuqlik texnik metanol va etil spirti qorishmasi ekani aniqlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Sirdaryo va Namanganda yirik narkotrafik guruhlari qo‘lga olingani haqida yozgan edi.
Sirdaryoda Guliston shahrida yashovchi 1995-yilda tug‘ilgan shaxs, uning turmush o‘rtog‘i va yana bir hamkori xonadonda sintetik narkotik tayyorlab, tarqatgani aniqlandi. Uyda tashkil qilingan narkolaboratoriyadan 4 kg 373 gramm mefedron, elektron tarozi, mikser, zippaketlar va boshqa vositalar topildi. Ma’lum bo‘lishicha, ular internetdagi MDH davlatlari bo‘ylab faoliyat yurituvchi jinoyiy guruhdan yuborilgan xomashyo asosida narkotik tayyorlab sotib kelgan. Uch kishiga Jinoyat kodeksining 273 moddasi 5 qismi bilan ish qo‘zg‘atildi.

