16-noyabr kuni USS Gerald R. Ford (CVN 78) boshchiligidagi AQShning eng yirik aviatashuvchi zarba guruhi Anegada dovonidan o‘tib, Karib dengiziga kirdi. Bu haqda AQSh dengiz kuchlari floti saytida ma’lum qilindi.
Harakat Pentagon rahbari Pite Hegsethning prezident topshirig‘iga binoan transmilliy jinoyatchilik va narkoterrorizmga qarshi kurashni kuchaytirish bo‘yicha bergan ko‘rsatmasidan keyin amalga oshirilgan.
Admiral Elvin Holsi Karib dengizidagi operatsiyalar Amerika mintaqasining xavfsizligi uchun muhimligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Gerald R. Ford guruhi G‘arbiy yarimsharda barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Aviatashuvchi guruhi mintaqada allaqachon joylashgan kuchlar — Iwo Jima amfibiy tayyorlik guruhi va dengiz piyodalarining ekspeditsiya bo‘linmasi bilan birga ishlaydi. Bu kuchlar “Southern Spear” qo‘shma missiyasi tarkibiga kiradi. Missiya maqsadi — mintaqadagi jinoyat tarmoqlarini aniqlash, yo‘q qilish va noqonuniy yuk tashish yo‘llarini to‘sish.

Aviatashuvchi bortida 4 mingdan ortiq harbiy xizmatchi va o‘nlab jangovar samolyotlar bor. U bir vaqtning o‘zida samolyot uchirish va qo‘ndirish imkoniga ega bo‘lib, doimiy dengiz operatsiyalarini amalga oshira oladi.
Gerald R. Ford guruhi 24-iyunda safarga chiqqan edi. U Atlantika okeanida ko‘p yo‘nalishli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi, Arktika doirasidan oshib o‘tdi, O‘rta yer dengizida NATO bilan birga “Neptune Strike” mashg‘ulotlarida qatnashgan.
Zarba guruhida Carrier Air Wing Eight tarkibidagi to‘qqizta eskadrilya, USS Bainbridge (DDG 96), USS Mahan (DDG 72) va USS Winston S. Churchill (DDG 81) kabi raketa esminetslari ham bor.
AQSh kuchlari Karib mintaqasida “Southern Spear” operatsiyasi doirasida narkotrafikni to‘xtatish, jinoyat tarmoqlarini buzish va mintaqada xavfsizlikni mustahkamlash bilan shug‘ullanmoqda. Operatsiya noqonuniy yuk tashish yo‘llarini aniqlash, dengiz hududlarida nazoratni kuchaytirish va AQSh hududiga tahdidlarning yetib kelishining oldini olishga qaratilgan.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri London kemalarga qilingan hujum sabab AQSh bilan ma’lumot almashishni to‘xtatgani haqida yozgan edi.

