Donald Tramp Shveysariya biznes delegatsiyasidan olgan qimmatbaho sovg‘alar ortidan bu davlat uchun boj stavkalarini pasaytirdi. Bu haqda Axios nashri xabar berdi.
Shveysariya hukumati avvalroq Tramp bilan olib borgan muzokaralarda muvaffaqiyat qozona olmagan edi. AQSh Shveysariya mahsulotlariga 39 foizlik boj joriy qilgandi.
Shundan so‘ng Shveysariya AQShga sanoat magnatlaridan iborat delegatsiya yubordi. 4-noyabrdagi tashrifda oltin va hashamatli buyumlar Trampga sovg‘a qilindi. MKS PAMP SA rahbari Marvan Shakarchi prezidentga qiymati 130 ming dollardan biroz ko‘proq bo‘lgan imzo tushirilgan oltin quymani topshirdi. Rolex rahbari Jan-Frederik Dyufur esa Trampga oltindan yasalgan stol soatini berdi. Axios manbalariga ko‘ra, Tramp aynan oltin buyumlarni yoqtirishini aytganidan keyin ushbu sovg‘alar tanlangan.
Tashrifdan so‘ng muhim o‘zgarish qayd etildi. 14-noyabr kuni AQSh hukumati Shveysariya mahsulotlariga qo‘llanilgan boj stavkalarini 39 foizdan 15 foizga tushirdi. Buning evaziga shveysariyalik kompaniyalar Amerika iqtisodiyotiga ko‘proq sarmoya kiritishga rozi bo‘lgani aytiladi. Shveysariya ham Tramp tanqid qilgan ba’zi savdo to‘siqlarini qayta ko‘rib chiqdi.
AQSh Konstitutsiyasi hukumat a’zolariga Kongress ruxsatisiz chet davlatlardan sovg‘a olishni taqiqlaydi. Biroq Tramp ma’muriyati bu sovg‘alarni prezident kutubxonasiga hadya sifatida rasmiylashtirdi va bu holat qonuniy deb topildi.
Trampning qimmat sovg‘alar qabul qilishi ilk bor emas. May oyida Qatar qirollik oilasi unga Boeing 747-8 samolyotini sovg‘a qilgan edi. Samolyotni prezident bortiga moslashtirish uchun 934 mln dollar atrofida xarajat talab etilgani haqida xabarlar chiqqan. Yana bir holatda, avgust oyida Apple kompaniyasi rahbari Tim Kuk Trampga 24 karat oltindan yasalgan o‘yma disk hadya qilib, AQShga 100 mlrd dollar investitsiya kiritishini ma’lum qilgan.
Shuningdek, oktabr oyida Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon Trampga oltin toj sovg‘a qilganidan so‘ng AQSh janubiy koreys mahsulotlariga qo‘llanilayotgan bojlarni pasaytirishga rozi bo‘lgandi.
Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Tramp Rossiya bilan savdo qilayotgan davlatlarni yana ogohlantirgani haqida yozgan edi.

