Rossiya Ukrainadagi turk yuk kemasiga zarba berdi

Foto: Turkiyegazetasi.com
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Rossiya kuchlari tomonidan 17-noyabr kuni Ukrainadagi Izmail portida turgan Turkiyaga tegishli ORINDA yuk kemasi nishonga olindi. Bu haqda Turkiye Today nashri xabar bermoqda.

Zarba natijasida bortda yong‘in chiqqan va port atrofida portlash xavfi yuzaga kelgani sababli odamlar xavfsiz hududga ko‘chirilgan. Kema taxminan 4 ming tonna suyultirilgan gaz tashiyotgani aytilmoqda.

Hujum Rossiya–Ukraina urushi boshlanganidan beri Turkiyaga tegishli tijorat kemalari zarar ko‘rgan bir necha holatlardan biridir. Ko‘p hollarda kemalar Ukrainaga yaqin portlarda zarba ostida qolgan, biroq ekipaj a’zolari jarohatsiz qutulgan.

Turkiya Dengizchilik boshqarmasi ORINDA bortidagi 16 nafar turkiyalik dengizchi butunlay evakuatsiya qilinganini tasdiqladi. Ularning hech biri jarohat olmagan va xavfsiz joyga o‘tkazilgan.

Ukraina yong‘in xizmatlari kemadagi olovni o‘chirishga kirishdi. Yong‘in to‘liq bartaraf etilgach, zarar miqyosi bo‘yicha batafsil baholash o‘tkaziladi. Turkiya rasmiylari vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini va Ukraina tomonlari bilan doimiy aloqada ekanini bildirdi.

Ushbu hodisa bilan bir paytda Rossiya raketa hujumi Odesa viloyatida Ukraina energetika kompaniyasi DTEKga qarashli inshootni ham nishonga oldi. Zarba oqibatida 36,5 ming xonadon elektrsiz qolgan. Zaxira tarmoqlari orqali 4 ming xonadonga elektr qayta yetkazildi, qolgan 32,5 mingta uyga elektr ta’minotini tiklash esa ko‘p vaqt olishi aytilmoqda.

Avvalroq Qaynoq24.uz nashri Gruziyada Turkiya harbiy samolyoti halokatga uchragani haqida yozgan edi.

Turkiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, C-130 rusumli samolyot bortida kamida 20 nafar turkiyalik harbiy bo‘lgan.

Samolyot 11-noyabr kuni Ozarboyjonning Ganja shahridan havoga ko‘tarilgan va Turkiyaga qaytish yo‘lida bo‘lgan. Halokat sabablari hozircha noma’lum. Turkiya va Ozarboyjon rasmiylari hodisada qurbonlar borligini tasdiqladi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.