Farg‘ona viloyatida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Departament xabar bermoqda.
Departamentning Rishton tumani bo‘limi hamda DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qonunga xilof tarzda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro T.M. qo‘lga olindi. Uning Qo‘qon shahridagi “Taroqchilik” ko‘chasida joylashgan xonadonida qidiruv o‘tkazilgan. Natijada tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalari mavjud bo‘lgan 523 dona “Regapen 300 mg” va 9 dona “Tropikamid” dori vositalari topilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.
Shuningdek, Departamentning Qo‘shtepa tumani bo‘limi va DXX hamkorligida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbir davomida avval sudlangan M.R. ismli shaxs fuqaro S.U.ga tarkibida inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan 350 dona dori vositasini 3,3 million so‘m evaziga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Mavjud dori vositalari ham ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirildi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz nashri aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini noqonuniy savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olingani haqida yozgan edi.

