Andijonda imtiyozli ko‘mirni noqonuniy sotgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament axborot bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Paxtaobod tumani bo‘limi va DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Ko‘mir ta’minot” MCHJning Pahtaobod ko‘mir ombori ekspeditor-kassiri Sh.T. (muqaddam sudlangan) qo‘lga olingan. U kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha obyektlariga imtiyozli narxlarda yetkazib berish uchun ajratilgan ko‘mirni ombordan noqonuniy chiqarib, tumandagi tadbirkorga 35,1 tonnasini 35,1 million so‘mga sotishga kelishgan. Sh.T. ushbu pul mablag‘idan 2 800 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mutaxassislar ishtirokida omborda o‘tkazilgan inventarizatsiya davomida 196,1 tonna ko‘mir yetishmovchiligi aniqlangan.
Xuddi shunday holat Qo‘rg‘ontepa tumanida ham qayd etildi. Departamentning tumandagi bo‘limi, DXX va IIB xodimlari hamkorligidagi tadbirda “Ko‘mir ta’minot” MCHJning Qo‘rg‘ontepa ko‘mir ombori mas’ul shaxslari imtiyozli ko‘mirni noqonuniy sotayotganida qo‘lga olingan. Ular 153,6 tonna ko‘mirni ko‘mir savdosi bilan shug‘ullanib kelgan 7 nafar fuqaro va tadbirkorga har bir kilogrammini 1 200 so‘mdan sotishga uringan.
Omborda o‘tkazilgan inventarizatsiya jarayonida 183,9 tonna ko‘mir kamomadi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.
Qaynoq24.uz Farg‘ona viloyati va Toshkent shahrida aksiz markasiz tamaki hamda elektron tamaki mahsulotlari savdosiga chek qo‘yilgani haqida yozgan edi.

