Insayder Ice Universe tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Samsung Galaxy S26 Ultra to‘rtta rangda taqdim etiladi. 2026-yilgi flagman strategiyasi bo‘yicha yangi tafsilotlar ma’lum bo‘ldi.
E’tiborlisi, rang nomlarida “Titanium” atamasi umuman uchramaydi. Bu Samsung‘ning titan ramkadan voz kechib, Armor Aluminum 2.0 materialiga qaytayotganini anglatadi. Mutaxassislar buni dizayndan ko‘ra muhimroq texnik qaror sifatida baholamoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, alyuminiy titan bilan solishtirganda issiqlikni 15–20 barobar tezroq tarqatadi. Bu esa yangi avlod Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessori bilan bog‘liq. Ushbu chipning soat chastotasi 4,74 gigagertsga yetishi kutilmoqda va samarali sovitish muhim ahamiyat kasb etadi.

Titan ramkali qurilmalarda uzoq yuklama ostida unumdorlik 30 foizgacha pasaygani kuzatilgan. Alyuminiyga o‘tish orqali Samsung bu muammoni kamaytirishni maqsad qilgan. Shuningdek, qurilma og‘irligi taxminan 214 grammgacha tushishi aytilmoqda, bu esa bir qo‘lda foydalanishni qulaylashtiradi.
Texnik yangilanishlar bilan birga dasturiy ta’minot ham o‘zgaradi. One UI 8.5 interfeysida kamera ilovasi soddalashtiriladi. Video sozlamalaridagi katta menyu o‘rnini kichik va shaffof panel egallaydi. LOG va HDR yozuvlari uchun tezkor tugmalar ham bevosita asosiy oynaga chiqariladi.
Manbalarga ko‘ra, Samsung Galaxy S26 Ultra rasmiy taqdimoti 2026-yil 25-fevral kuni San-Fransiskoda bo‘lib o‘tadi. Tadbirda kompaniya hashamatli materiallardan ko‘ra barqaror ishlash, samarali sovitish va sun’iy intellekt imkoniyatlariga urg‘u berishi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz Samsung Galaxy S26 qanday kamera bilan chiqishi ma’lum bo‘lgani haqida yozgan edi.

