Google’ning bosh kompaniyasi bo‘lgan Alphabet ilk bor bozor kapitallashuvi bo‘yicha 4 trillion dollarlik marradan oshdi. Bu haqda 12-yanvar, dushanba kuni savdolar yakunlari ma’lum bo‘ldi.
Alphabet dunyoda bozor qiymati 4 trillion dollardan oshgan to‘rtinchi kompaniyaga aylandi. Avvalroq ushbu ko‘rsatkichga Nvidia, Microsoft va Apple kompaniyalari erishgan edi.
Qayd etilishicha, Alphabet 2019 yildan buyon ilk bor Apple’ni ortda qoldirib, kapitallashuv bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘ringa chiqdi. Hozirda birinchi o‘rinni AQShning grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchisi Nvidia egallab turibdi.
Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil davomida Alphabet aksiyalari qiymati qariyb 65 foizga oshgan. Ushbu o‘sish kompaniyaning sun’iy intellekt va bulutli texnologiyalar yo‘nalishiga faol e’tibor qaratayotgani bilan izohlanmoqda. Xususan, Gemini 3 nomli yangi multimodal neyrotarmoq modelining ishga tushirilishi investorlar ishonchini yanada kuchaytirgan.
Shuningdek, 2025 yil sentabr oyida AQSh sudi tomonidan qabul qilingan qaror ham Alphabet aksiyalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Ushbu qarorga ko‘ra, kompaniya Chrome brauzeri va Android mobil operatsion tizimi ustidan nazoratni saqlab qolish huquqiga ega bo‘lgan.
Qaynoq24.uz Microsoft Google Chrome foydalanuvchilarini Edge’ga o‘tishga undayotgani haqida yozgan edi.

