Realme kompaniyasining Vetnam bo‘linmasi Realme 16 smartfoni mamlakatda taqdim etilishiga ishora qila boshladi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.
Dastlabki tizerlarda qurilmaning orqa qismida gorizontal kamera bloki ko‘rinishi tasdiqlandi. Ushbu dizayn Google Pixel va yaqinda taqdim etilgan iPhone Air uslubini eslatadi. Shu bilan birga, Realme orqa kameralar yoniga maxsus selfi-oyna qo‘shib, dizaynga o‘ziga xoslik bergan.
Shu vaqtning o‘zida Realme 16 Vetnamdagi onlayn savdo platformasida muddatidan oldin joylashtirildi. Ushbu ro‘yxat smartfonning deyarli barcha texnik xususiyatlarini rasmiy taqdimotdan avval ochib berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Realme 16 6,57 dyuymli AMOLED displeyga ega bo‘lib, Full HD+ aniqlik va 120 Hz yangilanish chastotasini taklif etadi. Ekran yorqinligi 4500 nitgacha yetadi, bu esa quyosh ostida qulay foydalanishni ta’minlaydi. Displey AGC DT Star D+ himoya oynasi bilan qoplangan va ekranga o‘rnatilgan barmoq izi skaneri bilan jihozlangan.

Old kamera 50 MP bo‘lib, selfi va videoqo‘ng‘iroqlar uchun mo‘ljallangan. Orqa qismida esa 50 MP asosiy sensor va 2 MP yordamchi moduldan iborat ikki kamerali tizim joylashgan. Qurilma Android 16 operatsion tizimida ishlaydi va Realme UI 7 interfeysi bilan taqdim etilishi kutilmoqda.
Smartfon MediaTek Dimensity 6400 Turbo protsessori asosida ishlaydi. U 8 GB yoki 12 GB tezkor xotira va 256 GB doimiy xotira bilan taklif etiladi. microSD karta orqali xotirani kengaytirish imkoniyati ham mavjud.
Realme 16’ning eng asosiy jihatlaridan biri 7000 mA/soat sig‘imli batareyasi bo‘lib, u 60 Vt quvvatli tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma 8,1 mm qalinlikka ega va 183 gramm vaznni tashkil etadi.
Aloqa imkoniyatlari qatorida Wi-Fi, Bluetooth 5.3, NFC, infraqizil port va USB-C interfeysi mavjud. Smartfon IP66, IP68, IP69 va IP69K himoya standartlariga mos kelishi bilan chang va suvdan yuqori darajada himoyalangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Realme 16 ikki xil konfiguratsiyada sotuvga chiqariladi: 8 GB + 256 GB va 12 GB + 256 GB. Rang variantlari Air Black va Air White bo‘ladi. Qurilmaning rasmiy sotuvi 2-fevraldan boshlanishi kutilmoqda. Narx hozircha oshkor etilmadi.
Qaynoq24.uz Realme P4 Power 10 000 mA/soatlik batareya bilan chiqishi haqida yozgan edi.

