2025-yil noyabr oyida sotib olingan Samsung Galaxy S25+ smartfoni zaryad vaqtida yonib ketdi. Hodisa tunda sodir bo‘lgan. Qurilma rasmiy Samsung zaryadlagichi va kabeli orqali quvvat olayotgan bo‘lgan. Bu haqda Gizmochina xabar berdi.
Voqea natijasida telefon egalarining uyiga zarar yetgan. Yong‘in vaqtida litiy-ion batareyada nazoratdan chiqqan qizish jarayoni kuzatilgan. Mutaxassislar buni “termal uzilish” deb baholagan. Qurilma alangalanib, yaqin atrofdagi gilam ham kuygan.
Uydagi odamlar tutundan zaharlanib, tibbiy yordamga murojaat qilgan. Ayrimlarida nafas olish bilan bog‘liq alomatlar qayd etilgan. Yong‘in xizmati ham hodisani o‘rganib, batareya nosozligini tasdiqlagan.
Ikki oy davom etgan tekshiruvlardan so‘ng Samsung voqea uchun javobgarlikni tan oldi. Kompaniya sug‘urta bo‘limi orqali bir qator tovon pullarini taklif qilgan.

Xabarlarga ko‘ra, Samsung yonib ketgan Galaxy S25+ qurilmasi qiymatini qoplashni, uyda tozalash va tiklash xarajatlarini to‘lashni hamda tibbiy xarajatlarni qaytarib berishni va’da qilgan. Bundan tashqari, har bir jabrlangan shaxs uchun 500 dollar miqdorida “ruhiy zarar” uchun kompensatsiya taklif etilgan.
Biroq ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab foydalanuvchilar ushbu kompensatsiyani yetarli emas deb baholamoqda. Ularning fikricha, litiy-ion batareya tutuni uzoq muddatli sog‘liq muammolariga olib kelishi mumkin.
Mazkur hodisa Galaxy S25 seriyasiga oid qizib ketish va yonish bilan bog‘liq boshqa xabarlarni ham qayta muhokamaga olib chiqdi. Bu esa hatto flagman qurilmalarda ham batareya xavfsizligi muammosi bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Samsung hozircha ushbu holat bo‘yicha keng ommaga mo‘ljallangan rasmiy bayonot bermadi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, hozircha Galaxy S25 liniyasida tizimli nuqson borligini tasdiqlovchi dalillar mavjud emas.
Qaynoq24.uz Samsung Galaxy S26 Ultra narxi ma’lum bo‘lgani haqida yozgan edi.

