Norvegiyaning sobiq bosh vaziri Torbyorn Yagland AQShlik moliyachi Jefri Epsteyn bilan aloqalari sabab “og‘ir korrupsiya”da ayblandi. Bu haqda BBC ma’lum qildi.
Ayblov Yevropa Kengashi Yaglandning diplomatik daxlsizligini bekor qilganidan so‘ng qo‘yildi. U 2009–2019-yillarda ushbu tashkilot bosh kotibi bo‘lib ishlagan. Yagland jinoiy javobgarlikni inkor etmoqda. Uning advokati mijozining tergov bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.
AQSh Adliya vazirligi e’lon qilgan hujjatlarga ko‘ra, Yagland Epsteynning Parij, Nyu-York va Palm-Bichdagi uylariga yakka va oilaviy tashriflar rejalashtirgan. Ayrim ma’lumotlarda Epsteyn Yagland va uning oila a’zolarining safar xarajatlarini qoplagani aytiladi.
Norvegiya iqtisodiy jinoyatlarga qarshi boshqarmasi Økokrim Yaglandning uchta mulkida tintuv o‘tkazgan. U tez orada so‘roq qilinishi kutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Yagland 2014-yilda Epsteynning Karib dengizidagi xususiy oroliga oilaviy safar rejalashtirgan. Ammo bu safar Epsteyn sog‘lig‘i yomonlashgani sabab bekor qilingan.
Norvegiya OAVlariga ko‘ra, Yagland yana bir yozishmada Epsteyndan bank krediti olishda yordam so‘ragan bo‘lishi mumkin. Politsiya bu epizod ayblov tarkibiga kirgan-kirmaganini tasdiqlamagan.
Epsteyn 2019-yilda jinsiy savdo ayblovlari bo‘yicha sudni kutayotgan paytda vafot etgan. AQSh Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan millionlab hujjatlar ortidan ko‘plab siyosatchi va jamoat arboblari nomi tilga olinmoqda.
Qaynoq24.uz Tramp Grenlandiya masalasida keskinlashuvni kuchaytirgani haqida yozgan edi.

