Huawei Nova 16 smartfonlari qachon taqdim etiladi

Foto: Gizmochina
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Huawei kompaniyasi Huawei Nova 16 smartfonlar seriyasini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Yangi qurilmalar 1-iyun kuni Xitoyda namoyish etiladi.

Taqdimotda faqat smartfonlar emas, boshqa qurilmalar ham ko‘rsatilishi kutilmoqda. Ular orasida MatePad Pro Max plansheti va yangi Supernova aqlli soati bo‘lishi mumkin. Kompaniya Nova 16 Pro modelining yangi rangini ham ko‘rsatdi. U Sky Blue deb nomlanadi. Suratlarda smartfon moviy korpus va orqa paneldagi oq tasmasimon bezak bilan aks etgan.

Model dizaynida kamera bloki alohida ajralib turadi. Unda ikkita qora dumaloq modul joylashgan. Ushbu blokda uch kamerali tizim va LED chiroq bo‘lishi kutilmoqda. Avvalgi ma’lumotlarga ko‘ra, Nova 16 oilasi uchta modeldan iborat bo‘ladi. Ular Nova 16, Nova 16 Pro va Nova 16 Pro Max nomlari bilan chiqishi mumkin. Huawei bu safar Ultra versiyasidan voz kechishi aytilmoqda.

Nova 16 va Nova 16 Pro qora, oq, ko‘k hamda gradient ranglarda taklif etilishi kutilmoqda. Eng yuqori versiya bo‘lgan Nova 16 Pro Max esa faqat qora, oq va ko‘k ranglarda chiqishi mumkin. Nova 16 Pro Max 6,84 dyuymli 1,5K LTPO displey bilan jihozlanishi taxmin qilinmoqda. Qurilmada Kirin 9000 seriyasiga mansub chip ishlatilishi mumkin.

Smartfon 7000 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega bo‘lishi aytilmoqda. Bu modelni Nova seriyasidagi eng yirik batareyali qurilmalardan biriga aylantirishi mumkin. Kamera qismida ham jiddiy o‘zgarishlar kutilmoqda. Nova 16 Pro Max 200 megapikselli asosiy kamera bilan chiqishi mumkin. Unda 1/1,28 dyuymli yirik sensor qo‘llanishi aytilmoqda.

Bundan tashqari, periskop telefoto kamera va multispektral sensor ham bo‘lishi mumkin. Qurilma simsiz quvvatlash funksiyasini ham qo‘llab-quvvatlashi ehtimoli bor. Hozircha bu xususiyatlarning bir qismi rasman tasdiqlanmagan. Yakuniy tafsilotlar 1-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan taqdimotda ma’lum bo‘ladi.

Qaynoq24.uz Huawei Mate seriyasi qachon taqdim etilishi haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.