Janubiy Koreya Chexiyani mag‘lub etib, JChni g‘alaba bilan boshladi

Foto: Sport24
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

Janubiy Koreya terma jamoasi jahon chempionati guruh bosqichidagi ilk uchrashuvda Chexiya ustidan irodali g‘alabaga erishdi. Hon Myon Bo shogirdlari hisobda ortda borayotganiga qaramay, raqibni 2:1 hisobida mag‘lub etdi.

Gvadalaxara stadionida bo‘lib o‘tgan bahsda Janubiy Koreya to‘p nazorati va hujumlar soni bo‘yicha ustunlikka ega bo‘ldi. Son Hyn Min sardorligidagi koreyaliklar birinchi bo‘limdayoq bir necha xavfli vaziyat yaratdi. Sobiq «Tottenhem» hujumchisi Son ilk 45 daqiqada jamoasining sakkizta zarbasidan beshtasini amalga oshirdi, biroq uning eng xavfli urinishini Chexiya darvozaboni Matey Kovarj bartaraf etdi.

Chexiya terma jamoasi esa uzoq vaqt davomida Janubiy Koreya darvozasi tomon aniq zarba bera olmadi. Shunga qaramay, ikkinchi bo‘limda aynan chexlar hisobni ochdi. 59-daqiqada Vladimir Tsoufalning uzoq autdan uzatgan to‘pidan so‘ng jamoa sardori Ladislav Kreychiy boshi bilan aniq zarba yo‘llab, Chexiyani oldinga olib chiqdi.

Janubiy Koreya bunga tezda javob qaytardi. 67-daqiqada Li Kan In jarima maydonchasi ichida Hvan In Bomni qulay vaziyatga chiqardi. «Feyenoord» yarim himoyachisi darvozabon Matey Kovarjni aldamchi harakat bilan chalg‘itdi va to‘pni bo‘sh qolgan darvozaga oshirib tashlab, hisobni tenglashtirdi.

Chexiya 78-daqiqada yana standart vaziyatdan gol urishga yaqin keldi. Tomas Souchek chap qanotdan uzatilgan jarima zarbasidan keyin boshi bilan darvozani ishg‘ol qildi, biroq hakamlar ushbu golni ofsayd sababli bekor qildi. Bu qaror Janubiy Koreya uchun muhim burilish nuqtasiga aylandi.

Oradan ikki daqiqa o‘tib, koreyaliklar o‘yinda hisobni o‘z foydasiga o‘zgartirdi. Zaxiradan maydonga tushgan O Hyon Gyu Hvan In Bomning uzatmasidan so‘ng yaqin masofadan to‘pni darvozaga yo‘lladi va Janubiy Koreyaga g‘alaba keltirgan gol muallifiga aylandi.

O‘yin oxirida Chexiya hisobni tenglashtirish uchun katta bosim uyushtirdi. 82-daqiqada Kim Sin Gyu Adam Hlojekning yaqin masofadan bergan zarbasini qaytardi. Qo‘shimcha daqiqalarda esa koreyalik darvozabon Mixal Sadilekning xavfli urinishini ham bartaraf etib, jamoasining g‘alabasini saqlab qoldi.

Avvalroq Qaynoq24.uz Meksika JCH-2026 ochilish o‘yinida Janubiy Afrikani mag‘lub etgani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.