Chexiya poytaxti Pragada bir necha ming kishi jamoat OAV moliyalashtirish tartibini o‘zgartirishga qarshi namoyishga chiqdi. Bu haqda DW xabar berdi.
Yakshanba, 21-iyun kuni Pragada bir necha ming kishi “Chexiya radiosi” va “Chexiya televideniyesi”ni qo‘llab-quvvatlab namoyishga chiqdi.
Norozilik aksiyasi mamlakat bosh vaziri Andrey Babish tashabbusi bilan ilgari surilgan qonun loyihasiga qarshi o‘tkazildi. Hujjatga ko‘ra, jamoat OAV hozirgidek to‘g‘ridan-to‘g‘ri abonent to‘lovlari orqali emas, balki davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi kerak.
Kasaba uyushmalari va media sohasi vakillari qonun loyihasini keskin tanqid qilmoqda. “Chexiya radiosi” xodimlari vakillariga ko‘ra, hujjat shoshilinch tayyorlangan, yetarlicha ishlab chiqilmagan va ayrim jihatlari bo‘yicha jamoat OAV manfaatlariga zid.
Zabastovka qo‘mitasi raisi Yan Krjemenning aytishicha, taklif etilayotgan moliyalashtirish darajasi mutlaqo qoniqarsiz. U bu islohotning asl maqsadi OAVni siyosatchilar ta’siriga topshirish va efir ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Qonun loyihasida “Chexiya radiosi”ga davlat budjetidan 2,07 milliard chex kronasi, ya’ni 85,6 million yevro ajratish ko‘zda tutilgan. Bu amaldagi abonent to‘lovlari orqali tushishi kutilgan mablag‘dan 410 million krona yoki 16,9 million yevroga kam.
“Chexiya televideniyesi” esa 2027-yilda davlat budjetidan 5,74 milliard krona, ya’ni 237,5 million yevro olishi mumkin. Vaholanki, amaldagi tizim bo‘yicha abonent to‘lovlari 6,73 milliard krona yoki 278,4 million yevroga yetishi kerak edi.
“Chexiya radiosi” bosh direktori Rene Zavoral hukumat taklifini hozirgi ko‘rinishida jiddiy kamchiliklarga ega deb baholadi. Chexiya madaniyat vaziri Oto Klempirj esa qonun loyihasiga tegishli tuzatishlar kiritilishini bildirdi.
Norozilik aksiyasi Pragadagi “Chexiya televideniyesi” binosi oldida bo‘lib o‘tdi. 22-iyun kuni esa OAV xodimlari ogohlantiruvchi ish tashlash o‘tkazishni rejalashtirgan.
Qaynoq24.uz Chexiyada ikki yarim ming yillik kelt tangalari topilgani haqida yozgan edi.


