Namanganda fuqaroni maktab direktori lavozimiga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgan MMTB bo‘lim boshlig‘i qo‘lga olindi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda Namangan viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining yuridik xizmat ko‘rsatish sho‘basi boshlig‘i K.A. fuqaro D.A.ning ishonchiga kirib, uni Namangan shahridagi maktablardan biriga direktor lavozimiga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgani aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, K.A. buning evaziga fuqarodan $10 ming talab qilgan. U kelishilgan pul mablag‘ining $8,5 mingini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Qayd etilishicha, K.A. muqaddam sudlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi, ya’ni firibgarlikka suiqasd qilish hamda 28, 211-moddasi, ya’ni pora berishda ishtirokchilik qilish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz uchta viloyatda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangani haqida yozgan edi.


