Niger poytaxti Niamey shahridagi Diori Hamani xalqaro aeroportiga qurolli hujum uyushtirildi. Mamlakat rasmiylariga ko‘ra, hodisa oqibatida 35 kishi halok bo‘lgan.
Mahalliy aholining BBC’ga aytishicha, portlash va o‘q ovozlari tonggi namozdan ko‘p o‘tmay eshitilgan. Niger Mudofaa vazirligi halok bo‘lganlar orasida 22 nafar hujumchi, 11 nafar harbiy va ikki nafar fuqaro borligini ma’lum qildi.
Hujum uchun javobgarlikni “Al-Qoida”ga aloqador “Jamoat Nusrat al-Islom val-Muslimin” guruhi o‘z zimmasiga oldi. Niger xavfsizlik kuchlari hujumni qaytargan, keyin esa yashiringan ehtimoliy jangarilarni qidirish bo‘yicha operatsiya boshlagan.
Aeroport yaqinida yashovchi Lavalli Tsalhaning so‘zlariga ko‘ra, odamlar tonggi namozni tugatganidan ko‘p o‘tmay kuchli portlash ovozini eshitgan. Dastlab bu nima ekani tushunilmagan, biroq keyinroq aeroport hududiga hujum qilingani ma’lum bo‘lgan.
Rasmiylar 22 nafar hujumchi yo‘q qilinganini, yana to‘rt nafari yaralanganini bildirdi. Shuningdek, 20 nafar gumonlanuvchi hibsga olingan. Hujumchilardan RPG-7 granatomyotlari, AK-47 avtomatlari, portlovchi moddalar, granatalar, aloqa vositalari va minglab o‘q-dorilar musodara qilingani aytilmoqda.
Mahalliy aholining bir qismi ham qidiruv ishlariga qo‘shilgan. Guvohlarning aytishicha, hujumchilar oddiy aholi orasiga aralashib ketgani sababli ularni aniqlash qiyin bo‘lgan. Shu bois ayrim fuqarolar o‘zini himoya qilish uchun qo‘liga pichoq, tayoq va boshqa buyumlarni olgan.
Diori Hamani xalqaro aeroporti Nigerning eng muhim xavfsizlik obyektlaridan biri hisoblanadi. U nafaqat fuqarolik aviatsiyasi markazi, balki harbiy baza vazifasini ham bajaradi. Aeroport hududida Niger, Mali va Burkina-Fasoni birlashtiruvchi Sahel davlatlari alyansiga aloqador obyektlar ham joylashgan.
Qaynoq24.uz Pokiston Afg‘onistondagi universitetga hujumda ayblangani haqida yozgan edi.


