O‘zbekistonda 2026-yil 1-iyun holatiga maxsus ro‘yxatdan o‘tgan QQS to‘lovchilar soni 269 094 taga yetdi. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 18,5 foizga ko‘p.
Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, QQS to‘lovchilar eng ko‘p savdo sohasida qayd etilgan — 100,1 mingta. Keyingi o‘rinlarda qishloq xo‘jaligi 50,1 mingta hamda xizmat ko‘rsatish sohasi 42,9 mingta ko‘rsatkich bilan turibdi.
Soliq organlari “korxonabay” ishlash tizimi asosida har bir QQS to‘lovchi tashkilotga muayyan soliq inspektorini biriktirgan. Shuningdek, soliq to‘lovchilar haqidagi ma’lumotlarni monitoring qilish va tahlil qilish uchun avtomatlashtirilgan tizim yaratilgan. Ushbu tizim soliq organlari ma’lumotlar bazasidagi mavjud ko‘rsatkichlar asosida korxonalar faoliyatini kuzatib borish imkonini beradi.

2026-yil may oyida oylik tovar aylanmasi 10 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan soliq to‘lovchilar soni 90,1 mingtani tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,5 foizga ko‘p. Tovar aylanmasiga nisbatan mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi ulushi 5 foizdan yuqori bo‘lgan soliq to‘lovchilar soni esa 90,9 mingtaga yetib, 10 foizga oshgan.
Shuningdek, rentabellik darajasi 1 foizdan ortiq bo‘lgan soliq to‘lovchilar soni 80,3 mingtani tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich bir yil ichida 25,7 foizga oshgan. Bir oyda 1 mln so‘m va undan ortiq QQS to‘lagan soliq to‘lovchilar soni 42,8 mingtaga yetib, 10,2 foizlik o‘sish qayd etilgan.
Tovar aylanmasiga nisbatan QQS summasi 1 foizdan yuqori bo‘lgan soliq to‘lovchilar soni 83,3 mingtani tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26,3 foizga ko‘p. May oyida budjetga soliq tushumlari 7,6 trln so‘mni tashkil qilib, yillik hisobda 13,2 foizga oshgan. Ushbu ko‘rsatkichga soliqsiz tushumlar va budjet tashkilotlari tushumlari kiritilmagan.
Qaynoq24.uz O‘zbekistonda QQS to‘lovchilar soni 268,3 mingtaga yetgani haqida yozgan edi.


