Andijon, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida tabiiy gaz, elektr energiyasi hamda ichimlik suvidan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Holatlar Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlar davomida aniqlangan.
Departamentning Andijon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda “B.O‘.” MChJ mas’ul shaxslari “Sholdirama” mahallasi hududidagi binosida umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz va elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangani aniqlangan. Buning oqibatida 500,5 mln so‘mlik tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani ma’lum bo‘lgan.
Farg‘ona viloyatida esa Departamentning Beshariq tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda yakka tartibdagi tadbirkor “O.O.” “Bekobod” mahallasi hududidagi sexida tabiiy gaz tarmog‘iga tijorat maqsadida noqonuniy ulangan. Natijada 152,7 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan.
Toshkent shahrida ham shunga o‘xshash holat qayd etildi. Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda fuqaro Sh.A. Mirzo Ulug‘bek tumanidagi qurilishi tugallanmagan noturar bino obyektida umumiy foydalanishdagi ichimlik suvi tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangani ma’lum bo‘lgan. Oqibatda 440,5 mln so‘mlik ichimlik suvidan noqonuniy foydalanilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi, ya’ni o‘g‘rilik hamda 185-2-moddasi, ya’ni elektr, issiqlik energiyasi, gaz yoki vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish alomatlari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Hozirda ishlar bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz Qashqadaryoda yer maydonini sotish bilan bog‘liq firibgarlik fosh etilgani haqida yozgan edi.


