Vivo kompaniyasi Xitoyda Vivo S60 seriyasini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Yangi qatorga Vivo S60 va Vivo S60e modellari kirishi kutilmoqda.
Hozircha mish-mishlarda tilga olinayotgan Vivo S60 Pro Mini bo‘yicha rasmiy tasdiq yo‘q. Taqdimot oldidan kompaniya yangi smartfonlar haqida ayrim ma’lumotlarni oshkor qila boshladi. Vivo mahsulot menejeri Han Bosyao e’lon qilgan tizerlarda S60 seriyasining asosiy texnik jihatlari ko‘rsatildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Vivo S60 tekis displey dizayniga ega bo‘ladi. Butun seriyada ekran ostiga joylashtirilgan ultratovushli barmoq izi skaneri qo‘llanadi. Vivo‘ning ta’kidlashicha, ushbu sensor smartfonni 0,1 soniyada qulfdan chiqarishi mumkin. Barmoq izini ro‘yxatdan o‘tkazish esa taxminan 1 soniya davom etadi.
Kompaniya S60 seriyasi 7200 mA·soat sig‘imli batareya bilan jihozlanishini ham tasdiqladi. Qurilma 90 W tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Yangi smartfonlarda stereo dinamiklar, X o‘qi bo‘ylab ishlovchi chiziqli vibratsiya motori va infraqizil port ham bo‘ladi.
Shuningdek, S60 seriyasi IP68 va IP69 standartlari bo‘yicha chang va suvdan himoyalanishi aytilmoqda. Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan rasmiy suratlarda qurilmaning orqa dizayni ham ko‘rinadi. Unda uch kamerali modul aks etgan. Xabarlarga ko‘ra, seriyada Sony IMX8 turkumiga mansub periskop telefoto kamera qo‘llanishi mumkin.
Avvalgi ma’lumotlarda u 6,59 dyuymli OLED displeyga ega bo‘lishi aytilgan. Ekran 1,5K aniqlikni qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda. Smartfon Snapdragon 8s Gen 3 chipi bilan ishlashi mumkin. Bundan tashqari, qurilma magnit aksessuarlarni qo‘llashi va bir nechta rangda, jumladan pushti variantda taqdim etilishi taxmin qilinmoqda.
Qaynoq24.uz Vivo Y600 Pro smartfoni namoyish qilingani haqida yozgan edi.

