Yevropa Ittifoqi so‘nggi to‘rt yil ichidagi ikkinchi energetika inqiroziga qarshi choralar ko‘rmoqda. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Yevrokomissiya elektr energiyasi narxlarini pasaytirish uchun yangi reja tayyorladi. Unda elektr soliqlarini kamaytirish va yoz oylarida gaz omborlarini to‘ldirishni muvofiqlashtirish nazarda tutilgan. Hujjatlarga ko‘ra, hozircha gaz narxini cheklash yoki energetika kompaniyalariga qo‘shimcha soliq joriy etish rejalashtirilmagan. Bunday keskin choralar 2022-yilda Rossiya gaz yetkazib berishni qisqartirganda qo‘llangan edi.
Yangi yondashuv elektr energiyasini gaz va neftga nisbatan ustun qilishga qaratilgan. Hukumatlarga sanoat uchun elektr soliqlarini nolga tushirish imkoniyati berilishi mumkin. Yevropa mamlakatlari gaz zaxiralarini to‘ldirish bo‘yicha hamkorlik qiladi. Shu bilan birga, aviatsiya yoqilg‘isi yetishmovchiligi ehtimoliga qarshi tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Inqirozning asosiy sababi — Hormuz bo‘g‘ozi yopilishi va Eronning mintaqadagi energetika obyektlariga hujumlari bilan bog‘liq. Natijada energiya narxlari keskin oshdi. Yevropada gaz narxlari AQSh va Isroil bilan bog‘liq mojarolar boshlanganidan beri qariyb uchdan birga oshgan. Shunga qaramay, hozircha yoqilg‘i tanqisligi kuzatilmayapti.
Qaynoq24.uz Yevropa Ittifoqi Vengriya uchun 16 mlrd yevrolik kreditni to‘xtatgani haqida yozgan edi.

