Huawei yangi Huawei Pura 90 smartfonlar seriyasida yana gradient orqa paneldan foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu haqda taniqli insayder Ice Universe tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarda aytilmoqda.
Unga ko‘ra, yangi model orqa qismi ranglarning silliq o‘tishi bilan ajralib turadi. Bunday dizayn Huawei’ning 2018-yilda taqdim etilgan P20 seriyasida mashhur bo‘lgan edi. Endi kompaniya ushbu vizual uslubni yana qaytarishga qaror qilgan.
Shuningdek, Pura 90 Pro va Pura 90 Pro Max modellari kuchli kamera tizimi bilan ajralib turishi kutilmoqda. Xususan, periskop teleobyektiv asosiy ustunliklardan biri bo‘ladi. Bu yangilanish zoom orqali suratga olish sifatini oldingi avlodga nisbatan sezilarli darajada yaxshilashi mumkin.

Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, Huawei telekamera uchun LOFIC texnologiyasini sinovdan o‘tkazmoqda. Ushbu texnologiya yorug‘ va past yorug‘lik sharoitida ham tasvir sifatini yaxshilashga yordam beradi. Ta’kidlanishicha, kompaniya yangi smartfonlarni aprel oyining 20-sidan 29-sigacha bo‘lgan davrda taqdim etishi mumkin. Shu vaqt oralig‘ida Pura Pioneer tadbiri ham o‘tkazilishi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz Huawei Pura 90 Pro kamerasi qanday imkoniyatlarga egaligi haqida yozgan edi.

