O‘zbekistonda 10 ta universitetga yangi maqom beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi «Huquqiy axborot» Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Mazkur dastur doirasida ayrim oliy ta’lim muassasalariga milliy tadqiqot universiteti maqomi beriladi. Bu maqom Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovda g‘olib bo‘lgan 10 ta oliygohga beriladi. Tanlov ilmiy klaster tashkil etish loyihalari asosida o‘tkaziladi.
Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan oliy ta’lim tashkilotlari milliy reytingi asosida moliyaviy rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi. Reyting natijalariga ko‘ra, universitetlar toifalarga ajratilib, eng yaxshi natija ko‘rsatganlari qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlanadi.
Farmonga muvofiq, 2027-yildan davlat granti asosida o‘qiyotgan talabalar uchun ajratiladigan mablag‘lar ham yangi mezonlar asosida belgilanadi. Bunda professor-o‘qituvchilarga to‘g‘ri keladigan talabalar soni, ta’lim yo‘nalishining murakkabligi, moddiy-texnik baza, ustuvor sohalarga moslik va ilmiy faoliyat darajasi hisobga olinadi.
Qaynoq24.uz OTMlarda o‘qishni ko‘chirish jarayoni 20-dekabrdan boshlanishi haqida yozgan edi.

