O‘zbekistonda madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakillari uchun tibbiy yordam bo‘yicha yangi imtiyozlar joriy etiladi.
Prezident farmoniga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan ayrim xarajatlar Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi. Imtiyozlar ijodiy birlashmalar tavsiyasi asosida beriladi.
Har yili 1 ming nafargacha madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakiliga yuqori texnologik operatsiyalar uchun xarajatlar qoplab beriladi. Bu imkoniyat Davlat budjeti hisobidan davolanish bo‘yicha imtiyozga ega bo‘lmagan, ammo o‘z faoliyatida yaxshi natijalarga erishgan soha vakillariga taalluqli bo‘ladi.
Shuningdek, har yili 2 ming nafargacha soha vakiliga ixtiyoriy tibbiy sug‘urta xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi. Bunda sug‘urta mukofoti BHMning 100 baravaridan oshmasligi kerak. Farmonga ko‘ra, har yili 100 nafargacha madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakili sanatoriylarda bepul davolanishi mumkin bo‘ladi.
Bu imtiyoz sohada kamida 10 yil ishlagan vakillarga beriladi. Ular O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi sanatoriylarida davolanadi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-oktabrdan teatr, kino va konsert tadbirlari uchun bepul vaucherlar berish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.
Har yili 500 ming nafar o‘qituvchi, shifokor, davlat xizmatchisi, faol o‘quvchi va talabaga bepul vaucher ajratiladi. Shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 100 mingta oilaning bir nafar farzandi ham ushbu imkoniyatdan foydalanadi.
Nogironligi bo‘lgan bolalarga ham teatr, kino va konsert tadbirlari uchun bepul vaucher beriladi.
Qaynoq24.uz madaniyat ta’lim tizimi yangilanishi haqida yozgan edi.


