Norin tumanida sobiq bank xodimi $6 mingni o‘zlashtirib yuborgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, tijorat bankining sobiq bosh mutaxassisi R.M. “D.D.” fermer xo‘jaligining kredit qarzdorligini to‘lash uchun olingan $6 ming mablag‘ni bankka kiritmagan. U ushbu pullar o‘rniga soxta kvitansiyalar rasmiylashtirib, mablag‘ni shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Holat yuzasidan unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 168-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 228-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Qaynoq24.uz huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi kuchaytirilgani haqida yozgan edi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, sovuq qurol sifatida ishlatilishi mumkin bo‘lgan buyumlarni jamoat joylarida ochiq holda olib yurish uchun javobgarlik kuchaytirildi. Agar bu holat ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etilsa, fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha jarima solinadi.
Shuningdek, “Qurol to‘g‘risida”gi qonunga ham muhim o‘zgarish kiritildi. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga fuqaroviy qurol saqlash va olib yurish huquqi vaqtincha cheklanadi. Bu cheklov himoya orderi amal qilgan davrda qo‘llaniladi.

