Xitoyning Zeekr brendi yangi gibrid krossoverlarini xorijiy bozorlarga chiqarishni rejalashtirmoqda. Kompaniya Zeekr 8X va Zeekr 9X modellarini 2026-yil uchinchi choragidan boshlab eksport qilishni boshlaydi.
Yaqinda Xitoyda Zeekr 8X savdosi rasman boshlandi. Model to‘rtta komplektatsiyada taklif etilmoqda. Eng kuchli versiyasi 1400 ot kuchiga ega bo‘lib, 2 litrli turbo dvigatel va uchta elektromotordan tashkil topgan.

Model narxi ham qayta ko‘rib chiqildi. Dastlabki buyurtmalar davrida 376 800 dan 516 800 yuangacha bo‘lgan narxlar endi 329 800 dan 473 800 yuangacha tushirildi.
Kompaniya rahbariyati ushbu model bilan birga katta krossover Zeekr 9X ham xalqaro bozorga chiqishini ma’lum qildi. Qaysi davlatlar birinchi bo‘lib ushbu avtomobillarni olishi hozircha ochiqlanmadi.

Shunga qaramay, ekspertlar O‘zbekistonni asosiy bozorlar qatoriga kiritmoqda. Chunki bu mamlakatda brend allaqachon mavjud va gibrid avtomobillarga talab ortib bormoqda. Zeekr so‘nggi yillarda Geely tarkibidagi premium elektromobil brendi sifatida tez rivojlanmoqda. Yangi gibrid modellar esa kompaniyaning global kengayish strategiyasida muhim rol o‘ynashi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz yangi Hyundai Ioniq 3 elektromobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.

