Caviar iPhone 18 Pro smartfoni chiqmasidan oldin $10 minglik kolleksiyani taqdim etdi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.
Kompaniya Royal Colors deb nomlangan yangi kolleksiyani e’lon qildi. U iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max uchun mo‘ljallangan maxsus dizaynlardan iborat. Caviar 20-maydan boshlab ushbu modellarni bron qilish imkonini ochdi. Bunda xaridorlar iPhone 18 Pro dizaynini oldindan ko‘rmaydi. Ular faqat Caviar tomonidan tayyorlanadigan hashamatli korpus uchun oldindan to‘lov qiladi.

Apple yangi iPhone 18 Pro seriyasini rasman chiqargach, Caviar oddiy chakana qurilmalarni sotib oladi. Keyin ularning original korpusi olib tashlanadi va o‘rniga qimmatbaho materiallardan tayyorlangan yangi qoplama o‘rnatiladi.
Royal Colors kolleksiyasida to‘rtta dizayn bor. Imperator modeli binafsha timsoh terisi va 24 karatli oltin qoplama bilan bezatilgan. Undagi naqsh qadimgi Rim kiyimi uslubidan ilhomlangan. King modeli oq timsoh terisi va kumush rangli korpusga ega. Dizaynda Fransiyaga xos fleur-de-lis bezaklari qo‘llangan.

Black Prince versiyasi esa o‘rta asr zirhlari mavzusida ishlangan. Unda qora charm, mat titan panel va qora PVD qoplama ishlatilgan. Pharaoh modeli ko‘k timsoh terisi va 24 karatli oltin qoplama bilan ajralib turadi. Uning dizaynida qadimgi Misr artefaktlari va Art Deco uslubidagi palma naqshlari aks etgan.
Har bir smartfon Caviar’ning maxsus qutisida yetkazib beriladi. To‘plamga kompaniya belgili kalit va oltin qoplamali tanga ham kiritilgan.

Caviar har bir dizayndan faqat 18 dona ishlab chiqaradi. Kompaniya bu raqamni iPhone 18 nomi bilan bog‘lagan. Narxlar Black Prince va Pharaoh modellari uchun $10,06 mingdan boshlanadi. King versiyasi $10,2 ming, Imperator modeli esa $10,34 mingga baholangan.
Avvalroq Caviar iPhone 17 Pro uchun pushti oltin va olmos bilan bezatilgan kolleksiyani ham taqdim etgan edi. Kompaniya, shuningdek, ichiga original iPhone 2G platasi joylashtirilgan $10 minglik iPhone 17 Pro modelini ham namoyish qilgan.
Qaynoq24.uz iPhone 18 oddiy modeli eski ekran bilan chiqishi mumkinligi haqida yozgan edi.

