BYD Seal 08 elektromobili qachon taqdim etiladi

Foto: BYD
Mohinur Rajabova
3 Daqiqa o‘qish

BYD kompaniyasi tomonidan BYD Seal 08 elektromobili shu yilning ikkinchi choragida taqdim etiladi. Bu haqda CNC xabar bermoqda.

Yangi sedan BYD’ning Ocean seriyasidagi eng yuqori modelga aylanadi. U brendning 800 voltli yuqori kuchlanishli platformasida ishlab chiqilgan ilk yirik fastbek sedanlardan biri bo‘ladi. E’lon qilingan suratlarda Seal 08 Liuguang Silver deb nomlangan kumush-kulrang rangda ko‘rsatilgan. Ushbu rang BASF’ning shaffof qoplama texnologiyasi asosida ishlab chiqilgan.

Avtomobil dizayni avval namoyish qilingan Ocean-S konseptiga yaqin. Unda ingichka to‘lqinsimon kunduzgi chiroqlar, yopiq old panel, fastbek kuzov shakli va orqa tomonda butun eni bo‘ylab cho‘zilgan chiroq bloki qo‘llangan. Tom qismida LiDAR sensori ham ko‘rinadi. Bu model BYD’ning God’s Eye B haydovchiga yordam berish tizimi bilan jihozlanishini tasdiqlaydi.

Foto: Autohome

Ichki qismi

Seal 08 uzunligi 5150 mm, eni 1999 mm va balandligi 1505 mmni tashkil etadi. G‘ildiraklar bazasi esa 3030 mmga teng. Shu bois model yirik sedanlar segmentiga kiradi. Salon Ocean Aesthetics 2.0 uslubida ishlangan. Unda markaziy osma ekran, raqamli priborlar paneli, uch spitsali rul va old yo‘lovchilar uchun simsiz quvvatlash maydonchasi mavjud.

Avvalroq berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Seal 08 elektr va plagin-gibrid versiyalarda taklif etiladi. To‘liq elektr versiya 800 voltli arxitekturaga asoslangan va BYD’ning ikkinchi avlod Blade Battery akkumulyatoridan foydalanadi.

Foto: Autohome

BYD ma’lumotiga ko‘ra, elektr versiya CLTC sikli bo‘yicha 900 kmgacha yurish zaxirasiga ega bo‘ladi. Besh daqiqalik quvvatlash orqali 400 kmgacha masofa uchun energiya olish mumkin. Ikki motorli to‘liq uzatmali elektr versiyaning maksimal quvvati 510 kWni tashkil etadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soatgacha 3,3 soniyada tezlashadi.

Seal 08 orqa g‘ildiraklarni burish tizimi va DiSus-A aqlli pnevmatik osmasi bilan ham jihozlanadi. Bu texnologiyalar avtomobilning boshqaruvchanligi va harakatdagi barqarorligini oshirishga qaratilgan. Plagin-gibrid Seal 08 DM-p versiyasida 1,5 litrli turbo gibrid dvigatel va ikki elektr motor qo‘llanadi. Ularning umumiy quvvati 400 kWgacha yetadi.

Ushbu versiya 45,36 kWh sig‘imli LFP akkumulyator bilan jihozlanadi. Avvalgi ma’lumotlarda uning WLTC sikli bo‘yicha elektr yurish zaxirasi 300 kmgacha bo‘lishi aytilgan edi. BYD plagin-gibrid versiya CLTC sikli bo‘yicha 400 km dan ortiq elektr yurish zaxirasiga ega bo‘lishini bildirgan. Umumiy yurish masofasi esa 1000 km dan oshishi mumkin.

Seal 08 BYD’ning eng ilg‘or sedanlaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. Model 800 voltli quvvatlash arxitekturasi, tezkor quvvatlash texnologiyasi, orqa g‘ildiraklarni burish tizimi, pnevmatik osma va ikki xil kuch qurilmasini bir platformada birlashtiradi.

Qaynoq24.uz BYD Denza N9 Flash Charge Edition avtomobilining narxi e’lon qilingani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.