Galaxy brendi yangi Geely Galaxy Cruiser 700 plug-in gibrid yo‘ltanlamasi haqida texnik ma’lumotlarni oshkor qildi. Bu haqda CNC xabar bermoqda.
Xitoyda Zhanjian 700 nomi bilan ham tanilgan model 830 kVt, ya’ni 1 113 ot kuchiga teng umumiy maksimal quvvatga ega bo‘ladi.
Yangi avtomobil 2025-yilda Shanxay avtosalonida namoyish qilingan Galaxy Cruiser konseptining seriyali talqini hisoblanadi. Cruiser 700 Geely Galaxy brendining ilk yo‘ltanlamas SUV modeli bo‘lib, u burchaksimon kuzov dizayni, yuqori klirens va murakkab yo‘l sharoitlariga moslashtirilgan texnik yechimlari bilan ajralib turadi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Galaxy Cruiser 700’ning quvvat va vazn nisbati bir tonnaga 392 ot kuchini tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkichdan kelib chiqilsa, avtomobilning jihozlangan vazni taxminan 2,88 tonna atrofida bo‘lishi mumkin. Bunday nisbat modelni yirik gibrid yo‘ltanlamaslar orasida raqobatbardosh qiladi.
Taqqoslash uchun, Chery tarkibidagi Jetour G700 plug-in gibrid SUV’ning vazni 3 tonnadan oshadi, BYD’ning YangWang U8 modeli esa 3,59 tonna atrofida. Shu sababli Geely Galaxy Cruiser 700 quvvat va vazn muvozanati bo‘yicha segmentdagi kuchli raqobatchilardan biri bo‘lishi mumkin.
Avvalroq ma’lum bo‘lishicha, Cruiser 700 benzinli ichki yonuv dvigateli va uchta elektromotordan iborat gibrid tizim bilan jihozlanadi. Ikki elektromotor orqa o‘qda joylashadi. Ularning yuritma vallari esa suyuqlik muftasi asosidagi bloklash mexanizmi orqali bog‘lanadi.

Galaxy Cruiser 700 tom qismiga o‘rnatilgan LiDAR sensori bilan ham jihozlanadi. Bu model kamida Geely’ning G-Pilot H5 haydovchiga yordam tizimini olishi mumkinligini ko‘rsatadi. Ushbu tizim shahar yo‘llari va trassalarda yarim avtonom harakatlanish funksiyalarini qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz Geely Galaxy TT elektromobili qanday xususiyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.


