Fransiya Isroilga mudofaa ko‘rgazmasida qatnashishni taqiqladi

Foto: Freepik
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Fransiya Isroilga Parijda o‘tadigan Eurosatory mudofaa ko‘rgazmasida qatnashishni taqiqladi. Bu haqda Isroil Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.

The Times of Israel xabariga ko‘ra, Fransiya tomoni Isroilga ko‘rgazmada milliy pavilon ochish yoki hukumat vakillarini yuborishga ruxsat bermagan.

Eurosatory ko‘rgazmasi iyun oyida Parijda o‘tkaziladi. U yer usti mudofaa tizimlari, “yer-yer” va “yer-havo” turidagi qurollar hamda ularga bog‘liq xizmatlarga ixtisoslashgan xalqaro ko‘rgazma hisoblanadi. Tadbir faqat soha mutaxassislari uchun mo‘ljallangan.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Fransiya rasmiylari Isroil mudofaa kompaniyalariga faqat havo hujumidan mudofaa tizimlarini namoyish etishga ruxsat beradi. Biroq hujumkor qurollar ko‘rgazmada ko‘rsatilmaydi.

Fransiya Mudofaa vazirligi Isroilning harakatlari u e’lon qilayotgan tamoyillarga zid ekanini bildirgan. Fransiya tomoni Isroilning ayrim hujumkor tizimlari nafaqat Isroil, balki mintaqaviy va global barqarorlikka tahdid soluvchi guruhlar hamda rejimlarga qarshi qo‘llanganini ta’kidlagan.

Isroil Mudofaa vazirligi bu qarorni keskin tanqid qildi. Vazirlik uni “sharmandali qaror” deb atadi. Isroil tomoni Fransiyani siyosiy va tijoriy hisob-kitoblar asosida harakat qilayotganlikda aybladi. Isroil vazirligiga ko‘ra, Fransiya Isroilga nisbatan boshqa ishtirokchi davlatlarga qo‘llanmaydigan kamsituvchi cheklovlar joriy qilmoqda. Bu xalqaro mudofaa ko‘rgazmalarini tartibga soluvchi me’yorlarga zid ekani aytilmoqda.

Mazkur qaror Fransiya va Isroil o‘rtasidagi taranglik kuchaygan bir paytda qabul qilindi. Avvalroq, aprel oyida Isroil Mudofaa vazirligi Fransiyadan qurol-yarog‘ xaridlarini to‘xtatgan edi. Isroil tomoni bunga Fransiyaning Isroil xavfsizligiga zarar yetkazgan choralarini sabab qilib ko‘rsatgan.

Jumladan, Isroil samolyotlariga Eron bilan bog‘liq harakatlar vaqtida Fransiya havo hududidan foydalanishga ruxsat berilmagani aytilgan. 2024-yilda ham Fransiya Isroilning Eurosatory ko‘rgazmasida qatnashishini taqiqlagan edi. Keyinroq bu qaror bekor qilingan.

Qaynoq24.uz Isroil Bayrutga zarbalarni kuchaytirish uchun AQSh javobini kutayotgani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.