Rossiya besh nafar britaniyalikka sanksiya kiritdi

Foto: Getty Images
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Rossiya Buyuk Britaniyaning besh nafar fuqarosiga mamlakatga kirishni taqiqladi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlikka ko‘ra, qaror Londonning «Rossiyaga qarshi siyosati»ga javob sifatida qabul qilingan. Moskva bunday siyosat qatorida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash, qurol yetkazib berish va Rossiya haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishni ko‘rsatgan.

Cheklovlar Britaniya jurnalistika va ekspert doirasi vakillariga, shuningdek, Ukraina hukumati uchun kadrlar tanlash bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar rahbarlariga nisbatan joriy etilgan. Ro‘yxatga Genri Jekson jamiyati xodimi Aleksandr Brauder kiritilgan. Rossiya tomoni uni dezinformatsion hisobot muallifi deb atamoqda.

Shuningdek, Committed to Good kompaniyasi boshqaruvchi direktori Elis Meri Lafer ham sanksiyaga uchragan. Britaniyaning I nashri jurnalisti Richard Holms ham ro‘yxatda bor.

Chelsea Group direktorlar kengashi raisi Richard Nikolas Uestberi va The Washington Post jurnalisti Ketrin Belton ham Rossiyaga kirishi taqiqlangan shaxslar qatoriga kiritildi. Rossiya TIV Buyuk Britaniyaning Rossiya bilan qarama-qarshilik yo‘lidan qaytmayotganini bildirdi. Vazirlik Londonni Yevropani Rossiya bilan to‘qnashuvga tayyorlashga undayotganlikda aybladi.

Avvalroq Rossiya TIV Shimoliy Atlantika departamenti direktori Aleksandr Gusarov ham shu mazmunda bayonot bergan edi. Uning aytishicha, Britaniya tashqi siyosatini Rossiyani tiyib turish va zaiflashtirish vazifasiga bo‘ysundirgan.

Gusarov London 2022-yil bahoridan buyon Ukrainadagi mojaro bo‘yicha keskinlikni oshirib kelayotganini ta’kidladi. U Britaniya Yevropa davlatlarini harbiylashuvga undayotganini ham aytdi. Rossiyalik diplomatning fikricha, Britaniyaning o‘zi bevosita harbiy to‘qnashuvga kirishmoqchi emas. U buning uchun yetarli iqtisodiy va harbiy imkoniyatga ega emasligini bildirdi.

Shuningdek, Gusarov London Rossiya va AQSh munosabatlarida jiddiy yumshashuv bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka urinayotganini aytdi. Moskva va London o‘rtasidagi munosabatlar Ukrainadagi urush fonida keskinlashgan. Buyuk Britaniya Kiyevni siyosiy, moliyaviy va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Qaynoq24.uz Yevropa Ittifoqi Rossiya nefti narx chegarasi oshishiga yo‘l qo‘ymasligi mumkinligi haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.