Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakat Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish masalasida referendum o‘tkazishi mumkinligini aytdi. Biroq buning uchun avval YIga nomzod maqomi masalasi aniq bo‘lishi kerak.
Pashinyanning ta’kidlashicha, Armaniston bir vaqtning o‘zida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va Yevropa Ittifoqi tarkibida bo‘la olmaydi. Shu sababli bu masala ertami-kechmi umumxalq ovoz berish yo‘li bilan hal qilinadi.
«Armaniston YIga a’zolik bo‘yicha rasmiy murojaat qilmaguncha yoki nomzod maqomini olishga yaqinlashmaguncha referendum o‘tkazish mantiqsiz. Chunki bunga asos yo‘q. Xalqga qaysi yo‘ldan borishni tanlash uchun zarur muvozanat hali shakllanmagan», dedi Pashinyan.
O‘tgan haftada Ostona shahrida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Armanistonning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish rejalari ham muhokama qilindi. Pashinyan saylovoldi kampaniyasi bilan bandligini aytib, sammitda qatnashmadi. Uchrashuv yakunida Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Armanistonni bu masala bo‘yicha referendum o‘tkazishga chaqirdi.
Avvalroq Armaniston TIV mamlakatning 2030-yilgacha Yevropa Ittifoqiga kirishini istisno qilgan edi. YIga nomzod maqomini olish uchun mamlakat avval Yevropa Ittifoqi kengashiga rasmiy ariza yuborishi kerak. Shundan keyin Yevrokomissiya mamlakatni integratsiyaga tavsiya qilish yoki qilmaslik bo‘yicha xulosa beradi.
Keyingi bosqichda YIning barcha 27 a’zo davlati nomzod maqomini bir ovozdan ma’qullashi kerak. Odatda bu jarayon siyosiy, iqtisodiy va sud-huquq sohalaridagi islohotlar ro‘yxati bilan birga kechadi.
Islohotlardan keyin 35 ta yo‘nalish bo‘yicha muzokaralar boshlanadi. Ular mamlakat YI standartlariga qanchalik mos kelishini ko‘rsatadi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha muzokaralar alohida olib boriladi. Shu sababli Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayoni odatda bir necha yil davom etadi. O‘rtacha hisobda YIga kirish jarayoni 9-10 yil vaqt oladi.
Qaynoq24.uz Armaniston YeOII bilan aloqalarni uzmoqchi emasligi haqida yozgan edi.


