Xiaomi kompaniyasi tomonidan sentabr oyida Xiaomi 18 seriyasi taqdim etilishi kutilmoqda. Bu haqda Gizmochina nashri xabar berdi. Yangi smartfonlar Snapdragon 8 Elite Gen 6 chipi bilan jihozlangan ilk modellardan bo‘lishi mumkin.
Insayder Digital Chat Station ma’lumotiga ko‘ra, Xiaomi 18 seriyasida ixcham flagman model ham bo‘ladi. Uning ekrani taxminan 6,4 dyuymni tashkil etadi. Displey 19,5:9 nisbatda bo‘lishi aytilmoqda. Shuningdek, u yirik radiusli burchaklar, juda ingichka simmetrik ramkalar va tekis panel dizayniga ega bo‘ladi.
Smartfon ekrani 2K darajasidagi aniqlikni qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Bu tasvirlar yanada tiniq va ravshan ko‘rinishini ta’minlaydi. Xiaomi 18 Pro seriyasida esa yangi eksklyuziv displey texnologiyasi qo‘llanishi kutilmoqda. Bundan tashqari, kamera, batareya va umumiy apparat qismida sezilarli yangilanishlar bo‘lishi aytilmoqda.
Insayder yangi seriyada 200 MPli ikkita kamera ishlatilishi mumkinligini bildirgan. Shuningdek, qurilmalarda kremniy-uglerod batareya texnologiyasi qo‘llanishi kutilmoqda. Batareya sig‘imi haqida so‘ralganda, Digital Chat Station uning raqami «7» bilan boshlanishini aytgan. Bu Xiaomi 18 va Xiaomi 18 Pro modellari 7 000 mA/soat atrofidagi batareyaga ega bo‘lishi mumkinligini anglatadi.
Xiaomi 18 Pro Max seriyadagi eng yirik model bo‘lishi kutilmoqda. U 6,9 dyuymli 2K OLED ekran bilan jihozlanishi mumkin. Ushbu model Snapdragon 8 Elite Gen 6 Pro chipi va 8 500 mA/soat sig‘imli akkumulyator olishi aytilmoqda.
Smart Pikachu taxallusli insayder esa Xiaomi sun’iy intellekt asosidagi ish stoli tajribasini sinovdan o‘tkazayotganini yozdi. Bu imkoniyat Pro modellardagi ikkilamchi ekranda qo‘llanishi mumkin.
Shuningdek, bunday yechim Xiaomi’ning navbatdagi buklama smartfoni uchun ham ko‘rib chiqilmoqda. U hozircha Xiaomi 18 Fold nomi bilan tilga olinmoqda. Hozircha Xiaomi 18 seriyasi bo‘yicha ma’lumotlar rasmiy tasdiqlanmagan. Shu sababli texnik tafsilotlar taqdimotgacha o‘zgarishi mumkin.
Qaynoq24.uz Xiaomi 17T Pro iPhone bilan fayl almashish imkoniyatini olgani haqida yozgan edi.


