SpaceX kompaniyasi IPO’da $75 mlrd jalb qilmoqchi

Foto: Getty Images
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi IPO doirasida aksiyalarini $135 dan joylashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters manbalarga tayanib xabar berdi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, SpaceX Nasdaq birjasida 555,6 mln dona aksiya sotmoqchi. Kompaniya joylashtirish orqali $75 mlrd jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bunday IPO SpaceX uchun rekord darajadagi joylashtirish bo‘lishi mumkin. Kompaniya o‘z biznesini $1,75 trln deb baholamoqda.

Reuters ta’kidlashicha, IPO oldidan aniq narxni hozirdan belgilash odatiy holat emas. Odatda kompaniyalar investorlar bilan uchrashuvlar boshlanishidan oldin faqat narx oralig‘ini e’lon qiladi. SpaceX investorlar uchun road-show jarayonini 4-iyun kuni boshlashi kutilmoqda. Yakuniy narx esa odatda aksiyalar birjada savdo boshlashidan bir kun oldin belgilanadi.

SpaceX dunyodagi eng qimmat aerokosmik va mudofaa kompaniyasi hisoblanadi. Uning $1,75 trlnlik bahosi kelajakdagi yirik bozorlar bilan bog‘liq kutilmalarga tayanadi. Reuters yozishicha, investorlar kompaniyaning sun’iy intellekt uchun kosmik data-markazlar, orbital infratuzilma va Marsni kolonizatsiya qilish kabi hali to‘liq shakllanmagan yo‘nalishlarda yetakchi bo‘lishiga umid qilmoqda.

SpaceX’ning bevosita analoglari yo‘q. Shu sababli kompaniyaning adolatli qiymatini baholash bo‘yicha turli qarashlar mavjud. Morningstar agentligi shu hafta SpaceX’ni $780 mlrdga baholagan. Bu kompaniyaning hozirgi birjadan tashqari kotirovkalaridan deyarli ikki baravar past.

Investorlar e’tibori sun’iy intellekt va texnologiya kompaniyalariga qaratilgan. Alphabet ham 2-may kuni $80 mlrdlik aksiyadorlik kapitalini jalb qilish rejasi haqida e’lon qilgan.

SpaceX chakana investorlarga ham katta ulush ajratishi mumkin. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, joylashtirish hajmining 30 foizigacha bo‘lgan qismi ommaviy investorlar uchun ajratilishi ehtimoli bor.

Manbalarga ko‘ra, Ilon Mask IPOdan keyin 366 kun davomida o‘z aksiyalarini sotmaslik majburiyatini oladi. Bu potensial investorlar ishonchini oshirishga qaratilgan choradir.

SpaceX mart oyida IPO uchun maxfiy ariza bergan, o‘tgan oy esa prospektini e’lon qilgan. Agar reja amalga oshsa, kompaniya texnologiya va aerokosmik sektor tarixidagi eng yirik IPOlardan birini o‘tkazishi mumkin.

Qaynoq24.uz SpaceX kompaniyasi dunyodagi eng yirik raketani sinovdan o‘tkazgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.