OnePlus kompaniyasi OnePlus Turbo 6X smartfonini tez orada taqdim etishi kutilmoqda. Kompaniya vakili Li Jie Louis qurilma Xitoyda 18-iyungacha namoyish qilinishini tasdiqlagan.
Avvalroq OnePlus Turbo 6X seriyasi haqida ilk ma’lumotlar tarqalgan edi. Unda lineykada LCD va OLED ekranli modellar bo‘lishi aytilgan. Endi esa standart Turbo 6X modelining asosiy texnik xususiyatlari ham oshkor qilindi.
Weibo‘dagi Experience More insayderiga ko‘ra, OnePlus Turbo 6X 6,72 dyuymli Full HD+ LCD ekran bilan jihozlanadi. Displey 144 Hz yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Smartfon MediaTek Dimensity 7300 protsessori asosida ishlashi kutilmoqda. Bu chip qurilmani arzonroq narx segmentida ushlab turishga yordam beradi.
Kamera tizimi sodda bo‘ladi. Qurilma 50 megapikselli asosiy orqa kameraga ega bo‘lishi aytilmoqda. Unda OV50D sensori ishlatiladi. Asosiy kameraga 2 megapikselli yordamchi sensor qo‘shiladi. Old tomonda esa 8 megapikselli selfi kamera joylashadi.’
OnePlus Turbo 6X’ning eng muhim jihatlaridan biri batareyasi bo‘lishi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon 7000 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlanadi. Qurilma 45 W tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlashi aytilmoqda. Bu ko‘rsatkich arzon segmentdagi katta batareyali smartfon uchun yetarli darajada bo‘lishi mumkin.

Dizayn borasida model plastik ramkaga ega bo‘lishi kutilmoqda. Barmoq izi skaneri yon tomonga joylashtiriladi. Smartfon IP64 himoya darajasiga ega bo‘lishi mumkin. Bu uni chang va suv sachrashidan himoya qiladi. Qurilmaning o‘lchamlari 165,85 x 75,85 x 8,55 mm bo‘lishi aytilmoqda. Og‘irligi esa 208 grammni tashkil etishi mumkin.
Seriyada Turbo 6X Pro modeli ham bo‘lishi kutilmoqda. U 1,5K aniqlikdagi LTPS OLED ekran bilan jihozlanadi. Pro versiyada yanada katta, 8000 mA·soat sig‘imli batareya bo‘lishi aytilmoqda. Shuningdek, u IP69X suvga chidamlilik darajasiga ega bo‘lishi mumkin.
OnePlus Turbo 6X seriyasi 1000 yuan atrofidagi narx segmentida chiqishi kutilmoqda. Bu $150 dan past narx degani. Rasmiy taqdimot 18-iyungacha bo‘lishi aytilgani sabab, yaqin kunlarda qurilmaning narxi va sotuvga chiqish sanasi bo‘yicha tafsilotlar e’lon qilinishi mumkin.
Qaynoq24.uz OnePlus Turbo 6X Pro arzon flagman sifatida chiqishi mumkinligi haqida yozgan edi.


