Prezident narkojinoyatlar uchun jazoni kuchaytiruvchi qonunni imzoladi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

Prezident Shavkat Mirziyoyev giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalar noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonunni imzoladi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” nomli yangi bob kiritilmoqda. Mazkur bob orqali aholi, ayniqsa, yoshlar salomatligiga xavf solayotgan qilmishlar uchun javobgarlik choralari kuchaytiriladi.

Xususan, noqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish, narkotiklarning noqonuniy muomalasiga rahnamolik qilish, bangixona tashkil etish kabi qilmishlar uchun alohida javobgarlik belgilanadi. Bundan tashqari, 10 dan ortiq xavfli qilmish bo‘yicha jazo choralari og‘irlashtiriladi.

Prezidentda taqdim etilgan taqdimotda “Narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Unda so‘nggi yillarda narkovaziyat jiddiy o‘zgargani, an’anaviy giyohvandlik vositalari o‘rnini sintetik narkotiklar egallayotgani qayd etildi.

Shuningdek, bunday moddalarni tarqatish usullari ham o‘zgargan. Ular asosan internet orqali, kontaktsiz shaklda tarqatilmoqda. Mamlakat ichkarisida yashirin laboratoriyalar paydo bo‘layotgani esa bu sohadagi huquqiy va tashkiliy mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.

Yangi qonun loyihasida davlat siyosatining yettita asosiy yo‘nalishi belgilanmoqda. Ular orasida aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarda “giyohvandlikka qarshi immunitet”ni shakllantirish, internet orqali sodir etilayotgan narkojinoyatlarga barham berish, barvaqt profilaktika, diagnostika, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya tizimini takomillashtirish kabi choralar bor.

Loyihada narkotiklar aylanmasi, giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashishda ishtirok etuvchi 14 ta davlat organining vazifa va vakolatlarini aniq belgilash nazarda tutilgan. Qonuniy muomaladagi moddalar ustidan davlat nazorati kuchaytirilib, ularni olib kirishdan realizatsiya qilishgacha bo‘lgan jarayonlar elektron nazorat qilinadi.

Taqdimotda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish masalalari ham muhokama qilindi. Ayrim fuqarolar tomonidan voyaga yetmagan shaxslarga transport vositasini boshqarishga ruxsat berilayotgani, bu esa yo‘llarda o‘lim va og‘ir jarohatlarga sabab bo‘layotgani qayd etildi.

Shu bois yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini ta’minlash, og‘ir oqibatli avariyalarning oldini olish va bu borada javobgarlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Prezident giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashni zamon talablari asosida tashkil etish, yoshlar orasida ushbu illat tarqalishiga qat’iy chek qo‘yish hamda yo‘llarda inson hayoti va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha takliflarni ma’qullagan.

Qaynoq24.uz 30 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositasi musodara qilingani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.