O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi arafasida AQShning yetakchi kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda AQSh Eksimbanki prezidenti va raisi Jon Yovanovich, Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Ben Blek, AQSh — O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, shuningdek, “Air Products”, “Cove Capital”, “Templeton Global Investments”, “Boeing”, “77 Construction”, “BlackRock”, “FLS”, “Visa”, “JP Morgan”, “Meta”, “GULF” korporatsiyalari rahbarlari va boshqa kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Davlat rahbari ushbu uchrashuv so‘nggi yillarda shakllangan yaxshi an’ananing davomi ekanini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, bu AQSh ishbilarmon doiralarining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishga qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Uchrashuvda iqtisodiy hamkorlik O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikning muhim tayanchlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi. Prezident ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi.

Xususan, muhim minerallarni o‘zlashtirish va qayta ishlash, energetika, metallurgiya, moliya, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar hamda boshqa sohalarda aniq investitsiya loyihalarini ilgari surish masalalariga e’tibor qaratildi.
AQShning yirik kompaniyalari rahbarlari O‘zbekistonda investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, o‘z taklif va rejalarini taqdim etdi.
Davra suhbati yakunida AQShning yetakchi kompaniyalari bilan ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qaynoq24.uz prezident narkojinoyatlar uchun jazoni kuchaytiruvchi qonunni imzolagani haqida yozgan edi.


