BYD kompaniyasi Xitoyning 321 ta shahrida 6 682 ta flash charger — o‘ta tezkor quvvatlash stansiyasini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya vakillari BYD Great Tang modelining bozorga chiqarilishi vaqtida ma’lum qildi.
Mazkur stansiyalar avtomobil akkumulyatorini 10 foizdan 97 foizgacha to‘qqiz daqiqada quvvatlay oladi. Har bir konnektor bo‘yicha quvvat 1 500 kVtgacha yetadi. BYD o‘zining tezkor quvvatlash tarmog‘ini 2026-yil 5-mart kuni ishga tushirgan edi. Kompaniya yil oxirigacha Xitoyda 20 mingta shunday stansiya qurishni rejalashtirgan. Ulardan 2 mingtasi magistral yo‘llar bo‘yida joylashtirilishi kerak.

1-aprel kuni BYD Xitoydagi 5 minginchi tezkor quvvatlash stansiyasini o‘rnatgan va bu vaqtda tarmoq 297 ta shaharni qamrab olgan edi. Biroq keyingi oylarda qurilish sur’ati biroz sekinlashdi. 17-iyun holatiga ko‘ra, kompaniya yillik rejasining 33,4 foizini bajargan. Ikkinchi yarim yillikda BYD yana 13 318 ta stansiyani ishga tushirishi kerak bo‘ladi.
BYD Xitoydan tashqarida ham tezkor quvvatlash infratuzilmasini kengaytirmoqchi. Kompaniya xorijda 6 mingta flash charger qurishni rejalashtirmoqda, ulardan 3 mingtasi Yevropaga to‘g‘ri keladi. 9-iyun kuni BYD Germaniyada ilk 1 500 kVt quvvatli stansiyasini ishga tushirdi. Buyuk Britaniyada ham birinchi shunday stansiya o‘rnatilgan.
Bunday quvvatlash imkoniyatidan hozircha ikkinchi avlod Blade Battery akkumulyatoriga ega yangi BYD modellari samarali foydalana oladi. Ular orasida Yangwang U7, Denza N9, Fang Cheng Bao Ti3 va Ti7, BYD Seal 07, BYD Great Tang, Sealion 06, Song Ultra EV, Denza Z9 GT, Yangwang U8L, BYD Han EV hamda BYD Yuan Plus modellari bor.
Qaynoq24.uz BYD 3,9 soniyada “yuz”ga chiqadigan BYD Great Tang krossoverini sotuvga chiqargani haqida yozgan edi.


